Taniqli blogerning otasi sirli tarzda g‘oyib bo‘lib, topilgach vafot etdi
3-sahifa
−
16 aprel 21916 3 daqiqa
Taniqli bloger, siyosiy-ijtimoiy sharhlar bilan tanilgan “Fayzbog‘” sahifasi asoschisi Temur Malikning otasi sirli tarzda g‘oyib bo‘lib, ruhiy xastalar shifoxonasidan topildi va oradan ko‘p o‘tmay vafot etdi. Bloger otasi Samarqand shahar IIB xodimlari tomonidan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib borib qo‘yilgani, bundan oila a’zolari boxabar qilinmagani va shifoxonada qilingan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari sabab halok bo‘lganini da’vo qilmoqda. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
Uning qayd etishicha, otasi – II guruh nogironi, 1956 yilda tug‘ilgan V.T. 14 aprel kuni bir sutka davomida uyda hushsiz yotganidan keyin halok bo‘lgan.
Marhum 11 yil davomida mahalla raisi bo‘lib ishlagan va bundan 8 yilcha avval pensiyaga chiqqan. So‘nggi paytlarda u alsgeymer kasalligi bilan kurashayotgan bo‘lgan.
“Bundan bir hafta oldin, 10 aprel kuni otam sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi. Bir sutka davomida qilgan qidiruv ishlarimiz natijasida, uni Samarqand shahar IIB Samarqand tumani ruhiy xastalar shifoxonasiga olib borib qo‘yganini aniqladik. Keyinchalik, bundan jahlimiz chiqib, o‘sha kunning o‘zidayoq otamni uyga olib keltirmoqchi edik, biroq ish kunlari tugagani sababli (shanba kuni edi), u yerdagi vrachlar bizga bemorni faqatgina dushanba kuni boshliqning ruxsati bilan qo‘yib yuborishini aytib, berishmadi. Dushanba kuni erta sahar olib keldik.
Ammo, uning ahvoli o‘sha paytda o‘ta og‘ir edi. Shifoxonadagi “qassob” shifokorlar otam qoniga o‘ta kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarni yuborgan va u uyiga qaytganidan keyin bir sutka davomida o‘ziga kelmay yotib, oxiri 14 aprel, seshanba kuni halok bo‘ldi”, deb yozgan Temur Malik.
Bildirilishicha, ayni vaqtda Samarqand viloyat prokuraturasiga holat bo‘yicha tegishli surishtiruv ishlarini olib borishni so‘rab, rasmiy ariza kiritilgan. Tegishli tartibda sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan, ayni vaqtda uning natijalari kutilmoqda.
Bloger Temur Malik bir qator talablarni qo‘ygan.
“Otam qanday qilib ruhiy shifoxonaga tushib qoldi? Uni kim uyoqqa olib bordi va nima uchun oila a’zolarini bundan xabardor qilmadi?
Otamni kim va qanday preparatlar bilan uning o‘limiga olib keluvchi ukollar qildirdi? Ekspertiza javoblari chiqquncha holat keyinchalik yopdi-yopdi bo‘lib ketmasligiga kafolatlar kerak.
Qaysidir bir kichik xodim arzimas jazo olib, voqea bosti-bosti bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Samarqand tumanidagi ruhiy xastalar shifoxonasi faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqilishi va undagi ish jarayoni hamda xodimlar malakasiga tegishli huquqiy va professional baho berilishi lozim. Agar bizdan oldin ham kimdir shunga o‘xshash holatlarga duch kelgan bo‘lsa, menga murojaat qilishlarini so‘rab qolaman”.
Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov rasmiy bayonot berib, Samarqand tumani, “Qumzor” MFY, Shohnoma ko‘chasida yashagan, 1956 yilda tug‘ilgan fuqaro V.T. 14 aprel kuni o‘z uyida vafot etganligi holati yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
“Marhumning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Tekshirish harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi ta’minlanib, natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinadi”, deydi Shamsutdinov.
U o‘z bayonotida marhumning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etib, hamdardlik bildirgan.
Live
Barchasi