Suv ta’minoti va suv chiqarish tizimini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi – Prezident farmoni
Jamiyat
−
27 noyabr 2019
5328O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Hujjatning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
So‘nggi yillarda mamlakatimizda suvdan oqilona foydalanish, uning sifati va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, suv iste’molini hisobga olishning zamonaviy innovatsion tizimlarini joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rilgan holda suvdan foydalanish, shu jumladan, suv ta’minoti va suv chiqarish sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Suvdan foydalanishni samarali tartibga solishni ta’minlash uchun suv resurslarini boshqarish bo‘yicha yangi tuzilmalar yaratilgan, suv ta’minoti va suv chiqarish sohasiga xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.
Biroq global iqlim o‘zgarishi tufayli respublikada quruq fasllarning davomiyligi oshib bormoqda, tog‘larda qor zaxiralari maydoni kamaymoqda, kamsuvlik takrorlanishi tobora ko‘paymoqda, bu esa, o‘z navbatida, suv tanqisligi kelib chiqish xavfining oshishiga olib keladi.
Shu bilan birga, mamlakat suv balansini boshqarishda vakolatli davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish zarur darajada olib borilmayapti, shuningdek, suv resurslari sifati va xavfsizligi monitoringini amalga oshirishning samarali tizimi yaratilmagan.
Suvdan oqilona foydalanishni ta’minlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining xavfsiz va sifatli suv resurslariga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish, suv balansini boshqarishning samarali tizimini yaratish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) tomonidan yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining suv ta’minoti va suv chiqarish tizimini rivojlantirish strategiyasi konsepsiyasi ishlab chiqilayotgani ma’lumot uchun qabul qilinsin:
respublikaning Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta’minlashning yagona markazlashtirilgan tizimini yaratish, shuningdek, yagona suv balansini shakllantirish;
respublika suv ta’minoti korxonalari negizida suv ta’minoti va suv chiqarish tizimlari ob’ektlarini ekspluatatsiya qilishda yagona operator funksiyasini bajarishni amalga oshiradigan alohida korporativ tuzilmani tashkil etish;
respublikaning suv resurslarini boshqarish tizimini avtomatlashtirishni va ushbu sohadagi barcha biznes jarayonlarini raqamli formatga o‘tkazishni ta’minlaydigan “Raqamli suv ta’minoti korxonasi” tizimini joriy etish;
soha korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlashni amalga oshirish maqsadida investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb etish;
zamonaviy talab va standartlarni hisobga olgan holda soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish.
2. Vazirlik Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta’minlashni muvofiqlashtirish sohasida, shuningdek, yagona suv balansini shakllantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilansin va uning zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklansin:
suv balansining yagona axborot tizimini yaratgan holda Yagona davlat suv fondi suvlarining miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida vakolatli organlar va tashkilotlarning ma’lumotlarini to‘plash, umumlashtirish va tizimlashtirish orqali respublikaning yagona suv balansini shakllantirishni tashkil etish;
suvni hisobga olishning holati, uning xavfsizligi va sifatini ta’minlash to‘g‘risida vakolatli organlar va tashkilotlar tomonidan
taqdim etilayotgan ma’lumotlarning ishonchliligi monitoringini o‘tkazish, zarur bo‘lganda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;
Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organlar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
toza ichimlik suvining strategik zaxiralarini yaratishni tashkil etish, shu jumladan, katta hajmdagi zaxira manbalarini barpo etish;
suvdan foydalanish sohasida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni, shu jumladan, suvning miqdori va sifatini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni muvofiqlashtirish, ularning respublika suv balansining yagona axborot tizimiga integratsiyalashuvini ta’minlash.
3. Vazirlikning markaziy apparati tarkibiga Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta’minlash, respublikaning yagona suv balansini shakllantirish, shuningdek, suv ta’minoti va suv chiqarish tizimiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni tashkil qilish va muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritilsin.
4. Vazirlik markaziy apparati tarkibida:
Yagona suv balansini shakllantirish va monitoring qilish bosh boshqarmasi;
Yagona davlat suv fondi suvlarining xavfsizligi va sifatini ta’minlash boshqarmasi;
Suv ta’minoti va suv chiqarish tizimlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boshqarmasi tuzilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, Vazirlikda yangi tashkil etilayotgan boshqarmalarning shtatlari soni Vazirlikning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarining tegishli shtatlar sonini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.
5. Vazirlik, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasini O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi sifatida qayta tashkil etib, amaldagi vazifa va funksiyalarini, shuningdek, moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda Vazirlik tarkibiga o‘tkazish;
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish va uning ustav kapitalini mazkur Farmonning 1-ilovasida ko‘rsatilgan Vazirlikning davlat unitar korxonalari ustav kapitalidagi davlat aktivlari va ulushlarini topshirish hisobiga shakllantirish, shuningdek, ushbu korxonalarni mas’uliyati cheklangan jamiyatlar sifatida qayta tuzish;
2020 yil 1 yanvardan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining ko‘rsatilayotgan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarning to‘liqligi va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, iste’molchilarning qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha funksiyalarini “O‘zsuvta’minot” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
Vazirlik tomonidan Yagona davlat suv fondining barcha suvlar turlariga nisbatan miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettiruvchi respublika suv balansining yagona axborot tizimi yuritiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi Yagona davlat suv fondining barcha suvlar turlariga nisbatan miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi hisob ma’lumotlarini tizimli ravishda Vazirlikka taqdim etib boradi;
Vazirlik suvni hisobga olishning to‘g‘riligini, uning xavfsizligi va sifatini tasdiqlangan va yangilangan ma’lumotlarni yagona ma’lumotlar bazasiga kiritgan holda monitoring qiladi, shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqadi hamda ularni suvdan foydalanishni tartibga solish sohasidagi vakolatli organlar va tashkilotlarga jo‘natadi;
Vazirlik tizimli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga suvni hisobga olish holati, uning xavfsizligi va sifatini ta’minlash, shuningdek, respublikaning yagona suv balansini shakllantirish to‘g‘risidagi hisobotni aniq takliflar bilan taqdim etib boradi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom va respublika aholisini suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlasin.
8. Moliya vazirligi Vazirlik bilan birgalikda bir oy muddatda suv ta’minoti korxonalarining xalqaro moliya institutlari oldidagi qarzdorligini xatlovdan o‘tkazsin va O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga moliyaviy yukni kamaytirgan holda uni qoplash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Vazirlik bilan birgalikda bir oy muddatda kelgusi yillarda xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan suv ta’minoti va suv chiqarish tizimini yaxshilash bo‘yicha loyihalar ro‘yxatini shakllantirish, shuningdek, past rentabelli loyihalar va taqdim etilayotgan xizmatlardan kredit qoplanishi 50 foizdan kam bo‘lgan loyihalarning amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymagan holda ular bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqishni ta’minlasin.
10. Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda xorijiy maslahatchilarni jalb etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar suv ta’minoti va suv chiqarish tizimlarini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish choralarini ko‘rsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda suvdan foydalanishning strategik yo‘nalishlari, yagona yondashuv, avtomatlashtirish mexanizmlari va bosqichlarini ishlab chiqish va uning barcha jarayonlarini raqamli formatga o‘tkazishni ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin.
13. Vazirlik manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining respublika suv ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2019 yil 26 noyabr
LiveBarchasi