“So‘nggi chora – o‘lim”. Xitoyda yangi kasallik tarqaldi

Olam

image

Xitoyda ilgari uchramagan yangi turdagi yashur kasalligi (chorva orasida tez yuqadigan virus) aniqlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Kasallik Gansu viloyati va Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanida joylashgan ikki podada qayd etilgan. Bu hududlar bir nechta davlatlar, jumladan Rossiya bilan chegaradosh. Jami 6229 bosh qoramoldan 219 tasida kasallik aniqlangan. Shundan so‘ng zararlangan barcha hayvonlar yo‘q qilingan va fermalarda to‘liq dezinfeksiya ishlari o‘tkazilgan.

Laboratoriya tekshiruvlari bu kasallik SAT1 turiga mansub ekanini ko‘rsatgan. Bu tur Xitoyda ilgari uchramagan va eng muhim muammo shundaki, mamlakatda mavjud vaksinalar aynan shu turga qarshi himoya bermaydi. Shu sababli kasallikning keng tarqalish xavfi yuqori baholanmoqda.

Shu bilan birga, oxirgi oylarda Rossiyaning bir qator hududlarida ham chorva kasalligi keng tarqalgan. Turli viloyatlarda jami qariyb 90 mingdan ortiq qoramol yo‘q qilingan. Rasmiylar buni dastlab boshqa kasallik deb baholagan bo‘lsa-da, mutaxassislar bu ham yashur bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Ularning ta’kidlashicha, yashur juda tez yuqadi va uni to‘xtatishning asosiy usuli – zararlangan hayvonlarni to‘liq yo‘q qilish hisoblanadi. Shu sababli bu holat chorvachilik va go‘sht-sut mahsulotlari savdosiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mo‘g‘ulistonda “duzd” (bu qattiq qishni anglatuvchi mo‘g‘ulcha atama bo‘lib, unda yer muzlashi yoki qor bilan qoplanishi tufayli ko‘p sonli chorva mollari ochlikdan yoki sovuqdan nobud bo‘lishi) nomi bilan tanilgan o‘ta sovuq qish oqibatida 26 ming 300 dan ortiq chorva mollari o‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy yashur

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing