Strategik islohotlar agentligi qayta tashkil etildi
Jamiyat
−
03 noyabr 3377 2 daqiqa
Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi etib qayta tashkil etildi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 30 oktyabr kuni qabul qilingan “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini joriy etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Farmonga ko‘ra, joriy yilning 1 noyabridan strategik ahamiyatga ega hujjatlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, monitoring qilish va baholashni o‘z ichiga olgan strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi joriy etiladi.
Strategik rejalashtirish hujjatlarining iyerarxiyasi quyidagi tartibda belgilanadi:
- 1-darajali hujjatlar konsepsiyalar shaklida;
- 2-darajali hujjatlar strategiyalar shaklida;
- 3-darajali hujjatlar dasturlar (“yo‘l xaritalari”, chora-tadbirlar rejalari) shaklida qabul qilinadi.
Bunda:
- 1-darajali hujjatlar 7 yildan ortiq muddatga ishlab chiqiladi va qoida tariqasida qonunlar bilan tasdiqlanadi;
- 2-darajali hujjatlar 4 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatga ishlab chiqiladi va Prezident hujjatlari bilan tasdiqlanadi.
- 3-darajali hujjatlari 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga ishlab chiqiladi va Prezident hujjatlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida tasdiqlanadi.
Shuningdek, farmonga asosida Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash etib qayta tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi etib, Strategik islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi etib qaytadan tashkil qilinadi.
Shu bilan birga, Muvofiqlashtiruvchi kengash vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan idoralararo kollegial organ hisoblanadi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash 1- va 2-darajali strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalarini ularni qabul qilishning maqsadga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi. Bunda ma’qullangan loyihalar ko‘rib chiqish uchun Prezidentga kiritiladi.
Live
Barchasi