Sovuq harorat sabab Germaniya va Angliyadagi futbol o‘yinlarini qoldirildi

Sport

image

Germaniya bo‘ylab maydonlarni qalin qor va muz qoplagani sababli Bundesliganing ikkita uchrashuvi qoldirildi. Shuningdek, Buyuk Britaniyadagi keskin sovuq ob-havo tufayli Angliya Kubogining uchinchi bosqichidan o‘rin olgan bir o‘yin ham bekor qilindi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, ertaga, 11 yanvar kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan Bundesliganing ikkita uchrashuvi “Sent-Pauli” – “RB Leypsig” hamda “Verder” – “Hoffenxaym” o‘yinlari ob-havo sharoitlari sababli qoldirilgan.

So‘nggi kunlarda Germaniyada kuchli qor yog‘ishi va past haroratlar kuzatilmoqda. Mutaxassislar dam olish kunlari havo yanada sovishini kutmoqda. Buyuk Britaniya esa keskin sovuq ta’siriga tushib qolgan.

Germaniya futbol ligasi bergan bayonotida “Millerntor” stadionining operatori mahalliy hokimiyat bilan maslahatlashgan holda maydonni yopish to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma’lum qildi.

“Bu qaror stadion hududida ko‘p miqdorda qor va muz qatlamining mavjudligi, o‘yin kuni ishtirok etadigan barcha shaxslar xavfsizligi, shuningdek, Gamburgdagi umumiy og‘ir vaziyat bilan bog‘liq. Uchrashuvning yangi sanasi yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi”,  deyiladi bayonotda.

Bremenda ham shunga o‘xshash vaziyat qayd etilgan. Uch haftalik qishki tanaffusdan so‘ng, Bundesliga shu hafta oxiri qayta boshlanishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, ob-havo sharoitlari boshqa o‘yinlarga, jumladan “Union Berlin” – “Mayns 05” uchrashuviga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud.

Angliyada esa Angliya Kubogining uchinchi bosqichi doirasidagi “Salford Siti” – “Svindon Taun” o‘yini sovuq ob-havo sababli qoldirilgan.

“So‘nggi ikki hafta davomida maydonda nol darajadan past haroratlar kutilgani sababli himoya choyshablari yopildi, hafta davomida esa maydonni eritish uchun issiqlik lampalari qo‘llanildi. Biroq, barcha sa’y-harakatlarga qaramay, maydonning ayrim qismlari hanuz muzlagan. Sayohat qilayotgan muxlislarga ortiqcha noqulaylik tug‘dirmaslik uchun ushbu uchrashuv boshqa kunga qoldirildi”, deyiladi “Salford Citi” klubi bayonotida.

Shuningdek, Angliyada to‘rtinchi divizion doirasidagi uchta uchrashuv ham qoldirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Buyuk Britaniya sovuq ob-havo Bundesliga

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing