“Sxemalar” o‘yini: Qirg‘izistonda Tashiyevga aloqador yirik jinoyat ishi ochildi
Olam
−
17 mart 43227 5 daqiqa
Qirg‘iziston Davlat soliq xizmatining “Sxemalar” dasturi mamlakat neft sohasidagi milliardlab o‘g‘riliklar bo‘yicha tahlil natijalarini e’lon qildi. Bu haqda “Soliq servis” davlat muassasasi xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Qirg‘izneftgaz” shubhali vositachilik o‘yinlari va xomashyoni asossiz hisobdan chiqarish sxemalari tufayli 4 milliard somdan ortiq mablag‘ yo‘qotgan. 2021–2025 yillar davomidagi hisob-fakturalar va kompaniya ma’lumotlari o‘rganilganda uchta asosiy sxema aniqlangan.
Ushbu sxemalar orqali davlat neftidan kelgan foyda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevning qarindoshlari va yaqinlari bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslarning qo‘lida to‘plangani aytilmoqda.
1-sxema. Neft yo‘qotishlarini sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatish
Besh yil davomida “Qirg‘izneftgaz” qariyb 879 ming tonna neft qazib olgan. Hisobotlarda 29 ming tonnaga yaqin xomashyo ishlab chiqarishdagi yo‘qotish sifatida o‘chirilgan. Biroq korxona mutaxassislarining ko‘rsatmasiga ko‘ra, real yo‘qotishlar qazib olingan hajmning 1 foizidan (taxminan 9 ming tonna) oshmasligi kerak. Oqibatda rasmiy hisobdan 20 ming tonna xomashyo “g‘oyib bo‘lgan”, bu esa o‘rtacha narxlarda taxminan 560 million somga teng.
2-sxema. Qayta ishlashda asossiz vositachilardan foydalanish
Tekshiruvlar jami qazib olingan neftning 30 foizi (262 ming tonna) xususiy firmalarga sotilganini ko‘rsatgan. Davlatning o‘ziga qarashli “Qirg‘iz Petroleum Kompani” zavodi bo‘lishiga qaramay, neft to‘g‘ridan to‘g‘ri u yerga yuborilmagan. Buning o‘rniga xomashyo avval vositachilarga sotilgan, ular esa neftni qayta ishlash uchun yana davlat zavodiga o‘z nomlaridan topshirgan. Ushbu zanjir tufayli asosiy foyda xususiy vositachilar qo‘lida qolgan, davlat korxonasi esa 3 milliard somdan ortiq daromadni boy bergan.
3-sxema. Tayyor neft mahsulotlarini saralab taqsimlash
Ushbu tizimning yakuniy bosqichi tayyor mahsulotlarni sotishdagi tanlovli yondashuv bo‘lgan. Neft qayta ishlangandan so‘ng eng xaridorgir va daromadli mahsulotlar – mazut va dizel yonilg‘isi cheklangan doiradagi xususiy kompaniyalar orqali realizatsiya qilingan. Shundan so‘ng ushbu yoqilg‘i boshqa xaridorlarga, jumladan, xorijiy treyderlarga qayta sotilgan. Ayrim hollarda mazut yana o‘sha davlat zavodining o‘ziga qaytib kelgan. Buning ortidan eng bozorbop mahsulotlar vositachilar qo‘lida to‘plangan, davlat korxonasi esa foydadan mahrum bo‘lgan. Masalan, “Region Oyl” firmasi bir necha yil ichida qariyb 466 million somlik mazut sotib olgan. Zavoddan dizel yonilg‘isini Tay-Muras Tashiyevga tegishli firma olib, keyinchalik uni Jalolobod viloyatidagi munitsipal korxonalarga sotgani bo‘yicha holatlar o‘rganilgan.
Tashiyevning qarindoshlari xaridorgir bo‘lmagan AI-80 benzini va naftani sotib olishga qiziqish bildirmagan, shu sababli zavod ularni mamlakatning yirik neft treyderlari – “Alfa Oyl” va “Partner Neft”ga sotishga majbur bo‘lgan.
Ushbu sxemalar Qamchibek Tashiyevning jiyani Boyg‘ozi Matisoqov “Qirg‘iz Petroleum Kompani” (QPK) neftni qayta ishlash zavodiga rahbarlik qilgan davrda ishlagan. Hozirda qanday qilib sho‘’ba korxona direktori “Qirg‘izneftgaz” OAJ tomonidan qazib olingan xomashyoni taqsimlash bilan shug‘ullangani aniqlanmoqda.
Tizimning inqirozli holatini “Qirg‘izneftgaz” OAJning yangi rahbari Samsali Chetimboyev tasdiqlagan.
“Agar xomashyoni o‘zimiz qayta ishlab sotganimizda, foyda ancha ko‘p bo‘lar edi. Qayta ishlashdan voz kechish – bu “Qirg‘izneftgaz” manfaatlariga mutlaqo zid bo‘lgan xatodir. Men ish boshlaganimda kompaniya hisobida bor-yo‘g‘i 1 million 200 ming som mablag‘ bor edi. Ish haqidan qarzlarni yopish uchun juda qiynaldik. 10 martdagi tayinlovimdan so‘ng zo‘rg‘a bir oylik maoshlarni to‘lay oldik”, deydi Chetimboyev.
Hozirgi vaqtda ushbu zanjirda ishtirok etgan xususiy kompaniyalarning aksariyati o‘z faoliyatini to‘xtatgan yoki izoh berishdan qochmoqda. Soliq organlari milliy byudjetga yetkazilgan zararning yakuniy ko‘lamini aniqlash uchun tekshiruvlarni davom ettirmoqda.
Tashiyev iste’fosi
Eslatib o‘tamiz, 11 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Japarov va Tashiyev tandemi
Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.
Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.
2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.
Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust