Sindorov nomzodlar turnirini g‘alaba bilan boshladi
Sport
−
30 mart 1661 1 daqiqa
Kecha, 29 mart kuni o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov FIDE nomzodlar turniridagi ishtirokini boshladi. Birinchi bahsda Sindorov rossiyalik grossmeysterni mag‘lubiyatga uchradi.
Joriy yilgi 28 mart sanasidan start olgan musobaqalar Kiprning Pafos shahrida davom etmoqda. Dunyoning eng kuchli sakkiz nafar grossmeysteri ishtirok etayotgan ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini Javohir Sindorov himoya qilmoqda.
Musobaqaning 1-turida Javohir ishonchli o‘yin namoyish etib, rossiyalik grossmeyster Andrey Yesipenko ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Birinchi tur yakunlariga ko‘ra, Fabiano Karuana va Rameshbabu Pragnanandxa bilan bir qatorda Javohir Sindorov ham 1 ochkodan jamg‘arib, peshqadamlar safidan joy oldi.
Bugun, 30 mart kuni 2-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda Sindorov oq donalarda germaniyalik grossmeyster Mattias Blyubaumga qarshi dona suradi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da start oladi.
Mazkur turnir g‘olibi amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradjuga qarshi jahon toji uchun hal qiluvchi o‘yinda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Ma’lumot uchun, Javohir Sindorov jahon toji uchun o‘ynash imkoniyatini beradigan turnirda ishtirok etayotgan 1-o‘zbek shaxmatchisi hisoblanadi.
Live
Barchasi