Sibirni “o‘zbeklar yurti” deb atagan deputat maoshidan ayrildi
Olam
−
03 iyul 10361 2 daqiqa
Avvalroq, Rossiyaning Xanti-Mansiysk okrugi dumasining Kommunistik partiyadan saylangan deputati Xolid Tagi-Zade Sibir o‘lkasi o‘zbeklarning tarixiy maskani ekanini aytgandi. U shu gapi uchun maoshidan mahrum qilindi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, okrug dumasi raisi Boris Xoxryakov (“Yagona Rossiya” partiyasidan) bu fikrni “yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan provokatsiya” deb atagan va ushbu holatda yomon niyat bo‘lmaganiga ishora qilish qabul qilinmasligini aytgan.
Dumaning ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha qo‘mitasi raisi Vasiliy Filippenkoning (“Yagona Rossiya” partiyasidan) aytishicha, Tagi-Zadeni maoshdan mahrum qilish qarori parlament va qo‘mita majlislarini muntazam qoldirgani bilan izohlangan. Unga ko‘ra, deputatdan hech qanday tashabbus yoki ma’lumot kelmagan, savollar faqat majlislar doirasida berilgan, xolos. Bu esa “u qolgan vaqtini boshqa ishlar bilan o‘tkazayotganidan dalolat beradi”.
Tagi-Zade esa so‘zga chiqib, vaziyatni yanada og‘irlashtirmaslikni so‘ragan.
“Maoshdan mahrum qilish, albatta, ahvolimni yomonlashtiradi. Meni oilam bor, bolalarim bor”, deydi u.
Shuningdek, Tagi-Zade majlislarda ishtirok etmaganini ta’til bilan izohlagan.
“Chaqiruvga rozilik bildirish yoki bildirmaslik – bu mehnat kodeksiga ko‘ra xodimning huquqi”, deydi deputat.
Nutqining so‘ngida u “o‘zbeklarning tarixiy vatani” haqidagi fikrini oxirigacha bayon qilishga ulgurmaganini bildirgan. Bunga sabab spiker Boris Xoxryakovning uni to‘xtatgani bo‘lgan.
“Mening fikrim shundan iborat ediki, bu yerga hamma ham “byudjetga osilib yashash uchun” kelmaydi. Balki, kimdir yaxshi niyat bilan keladi, umumiy madaniyat, tarix borligini his etadi, Rossiyaning bir qismiga aylanishni istaydi”, deydi Kommunistik partiya fraksiyasi a’zosi.
Tagi-Zadeni maoshidan mahrum qilish qarorini 32 deputat qo‘llab-quvvatlagan, 5 nafari ovoz bermagan, 1 nafari qarshi chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, Xolid Tagi-Zade may oyidagi parlament majlisida Yugrada migrantlar orasida tug‘ilish ko‘rsatkichi ortgani muhokama qilinayotganida Xanti-Mansiysk va Tyumen viloyatining bir qismini “tarixan Sibir xonligi” deb atagan edi. U mintaqada Ko‘chum Xon hukmronlik qilganini, u Buxoro xonligidan chiqqan Shayboniylar sulolasining vakili – o‘zbek sulolasidan ekanini aytgan.
Uning bu bayonoti Kommunistik partiya, Liberal-demokratik partiya va “Yagona Rossiya” partiyalarining Davlat dumasidagi deputatlari e’tiborini tortgan va ular Federal xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuraturani Tagi-Zadeni tekshirishga chaqirgan. Shundan so‘ng, XMAO dumasi uni ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimidan ham chetlatgan. Spiker Xoxryakov esa, agar huquqiy asos topilsa, uning deputatlik vakolatidan butunlay mahrum qilish masalasi ham ko‘rib chiqilishini aytgan.
Live
Barchasi