Shifoxonalardan bolalargacha. Isroil yana o‘nlab g‘azoliklarni o‘qqa tutdi

Olam

image

Kecha, 8 sentyabr kuni Isroil armiyasi G‘azo sektorining turli hududlariga zarba berishi oqibatida kamida 40 falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi. 

Tibbiy manbalar va guvohlarning xabariga ko‘ra, Isroil harbiylari shimoliy, janubiy va markaziy hududlarda turarjoylar, chodirlar va tinch aholi to‘plangan joylarga hujum qilishni davom ettirmoqda.

Isroil askarlari janubdagi Xon-Yunus shahrida gumanitar yordam tarqatish nuqtalari yaqinida to‘plangan falastinliklarga qarata o‘t ochgan. Oqibatda 6 kishi halok bo‘lgan, ko‘plab odamlar yaralangan.

G‘azo shahrining At-Tuffah mahallasidagi Az-Zerka hududida turarjoy bombardimon qilinib, bir falastinlik o‘ldirilgan. 

G‘azodagi “Al-Ahli” shifoxonasi hovlisida tinch aholi to‘plangan joy Isroil tomonidan nishonga olingan va u yerda ham bir odam halok bo‘lgan. 

Shayx-Ridvon mahallasida, Ahmad Yosin ko‘chasida ikki uy bombardimon qilinishi oqibatida esa 3 kishi o‘lgan, ko‘plab odamlar jarohatlangan. O‘sha ko‘chada yana bir odam o‘ldirilgan. 

G‘azo markazining shimolidagi Yarmuk ko‘chasida uyga qilingan kuchli zarba oqibatida esa 5 kishi halok bo‘lgan.

Shalihat hududida ko‘chirilganlar yashab turgan chodirga hujum oqibatida 4 kishi, jumladan, bola ham o‘ldirilgan.

Qolaversa, Isroil droni G‘azoning Rimal mahallasidagi kvartiraga hujum qilib, ikki aka-ukaning o‘limiga sabab bo‘lgan. Shahar bog‘i yaqinidagi boshqa bir uyga zarbada esa ko‘plab falastinliklar yaralangan.

Shayx-Ridvon hududidagi suv havzasi yaqinida esa Isroil armiyasi portlovchi moddalar joylashtirilgan dronlar yordamida uylarni vayron qilgan. 

Markazdagi Nuseyrat qochqinlar lagerida tinch aholi to‘plangan joyga hujum oqibatida 5 kishi, jumladan, bir qizcha halok bo‘lgan, 22 kishi jarohat olgan. 

Umuman olganda, G‘azoning har bir qarichida Isroil armiyasi qoldirgan qon izlari bor. Shahar aholisi kuchli qo‘rquv ichida yashamoqda. 

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy amaliyotlar oqibatida 63 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 163 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Bundan tashqari, 367 nafar mahalliy aholi, jumladan, 131 nafar bola ochlikdan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo shahridagi aholiga murojaat qilib, ular shaharni tark etishi kerakligini aytgandi. Netanyaxuning da’vo qilishicha, so‘nggi bir necha kun ichida Isroil armiyasi G‘azoda “terror o‘choqlari” deb atalgan ko‘p qavatli binolarni yo‘q qilgan. U jami 50 ta shunday joy vayron qilinganini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo At-Tuffah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing