Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda qurilayotgan stadionga bordi

Sport

image

Bugun, 24 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadionining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu zamonaviy sport majmuasiga o‘tgan yilning 11 noyabr kuni davlat rahbari tomonidan tamal toshi qo‘yilgan edi. Ayni paytda o‘yingoh qurilishi jadal davom etmoqda. Jumladan, yerni tekislash ishlari to‘liq yakunlangan. Poydevor quyish ishlari to‘qson besh foizga bajarilgan. Qurilish joyiga metall-konstruksiya materiallari bosqichma-bosqich keltirilmoqda.

Keyingi yillar mamlakat futbol sohasida tub burilish davri bo‘lgan. Jumladan, mahalliy chempionatlar tizimi isloh qilinib, bolalar va o‘smirlar akademiyalari tashkil etilgan, hududlarda 75 ta katta va 302 ta mini stadion faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ma’lumki, 2017 yilda O‘zbekistonda FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga javob beradigan maydonlarning soni atigi 3 ta bo‘lgan. Bugun ularning soni 10 tadan oshdi.

Shuningdek, 1,5 mingta maktabning futbol stadionlari ta’mirlanib, 1 milliondan ziyod o‘quvchi va mahalla yoshlari qamrab olingan. Yoshlar o‘rtasida mahalla, tuman, viloyat va respublika turnirlarini an’anaviy o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini bera boshlagan. Futbol bo‘yicha olimpiya terma jamoasi Parijdagi olimpiadada ilk bor ishtirok etdi. Tarixda birinchi marotaba milliy terma jamoa joriy yilda bo‘ladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

O‘tgan yilning 2 oktyabr kuni FIFA Kengashi yig‘ilishida futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 2027 yildagi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Ushbu jahon chempionati doirasidagi o‘yinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda o‘tkaziladi. Jahon chempionatlarining final va yarim final o‘yinlari sig‘imi 50 mingdan ko‘p bo‘lgan stadionda o‘tkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.

Mamlakat futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni shu maqsadda qurilmoqda. Qiymati 100 million dollarlik ushbu o‘yingoh qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi.

Yangi Toshkent stadioni FIFA’ning barcha talablariga mos ravishda barpo etilmoqda. Majmua Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri bo‘ladi.

Mazkur inshoot nafaqat 2027 yilgi 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun, balki butun o‘zbek futboli va yoshlar sportining kelgusi rivoji uchun xizmat qiladi.

Davlat rahbariga qurilish jarayoni haqda batafsil ma’lumot berilgan.

55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan Yangi Toshkent stadioni 6 qavatli bo‘ladi, unda nafaqat sportchilar, balki tashrif buyuruvchilar va matbuot xodimlari uchun ham keng qulayliklar yaratiladi. Tomoshabinlar stadionga tez fursatda kirib-chiqishlari uchun o‘ndan ortiq eskalator o‘rnatiladi. Hududda yana qo‘shimcha 3 ta mashg‘ulot maydoni bo‘ladi. Stadion yaqinida metro bekati barpo etiladi. 5 ming 500 o‘rinli avtoturargoh quriladi.

Prezident bunday katta sig‘imli yopiq stadion mamlakatda ilk bor bunyod etilayotgani uchun har bir jihatga ahamiyat berish zarurligini ta’kidlagan. Stadion atrofini obodonlashtirish ishlarini hozirdan rejalashtirib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi zarurligi qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev FIFA futbol stadioni Yangi Toshkent stadioni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing