Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni qo‘shaloq bayram bilan qutladi
Jamiyat
−
21 mart 2023
8265Ayni paytda Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Navro‘z bayrami munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bayram tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.
Bayram munosabati bilan Prezident nutq so‘zlab, o‘zbek xalqini tabrikladi.
“Mana shu go‘zal va hayajonli damlarda muazzam “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida turib, siz, qadrdonlarimni, ko‘pmillatli butun xalqimizni ulug‘ ayyom – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklayman”, deb boshladi Prezident o‘z nutqini.
Davlat rahbari O‘zbekistonning voha va vodiylari, shahar va qishloqlari, bog‘ va maydonlarida katta shodu xurramlik bilan Navro‘z sayillari o‘tkazilayotganini aytib o‘tgan.
“Sharqona yangi yilimiz muborak bo‘lsin! Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ kelsin! Qadrli do‘stlar!”, deb o‘zining hurmati va ezgu tilaklarini izhor etgan davlat rahbari.
Mirziyoyev inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalda ta’minlash, barcha shahar va tumanlar, olis va chekka hududlar aholisi uchun munosib sharoit yaratib berish, oddiy qilib aytganda, xalqni rozi qilish – bosh maqsad ekanini ta’kidlagan.
Bu yo‘lda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni har tomonlama rivojlantirish, ilm-fan, ta’lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sog‘lom turmush tarzi va sport, ona tabiatni asrash kabi yo‘nalishlarda boshlagan katta dasturlarni jadal davom ettirish kerakligi aytib o‘tilgan.
“Milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida mardona mehnat qilayotgan hurmatli aka-ukalarimiz, aziz opa-singillarimizga – butun xalqimizga ishonamiz va tayanamiz.
Shu qutlug‘ ayyomda sizlarning har biringizga Vatan ravnaqi yo‘lida qilayotgan munosib xizmatingiz uchun qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, chin yurakdan tashakkur bildiraman”, deydi Prezident.
Shuningdek, davlat rahbari O‘zbekiston U-20 terma jamoasining Osiyo kubogini qo‘lga kiritgani va xokkeychilarning yutuqlariga to‘xtaldi.
“Kuni kecha futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi qizg‘in bellashuvlarda mustahkam iroda va mahorat namunasini ko‘rsatib, Osiyo chempioni degan yuksak sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Ayni paytda ular Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida qatnashish huquqini ham qo‘lga kiritdilar.
Shu bilan birga, O‘zbekiston yoshlari xokkey bo‘yicha o‘n sakkiz yosh toifasida barcha raqiblarni ortda qoldirib, Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdilar.
Mamlakatimiz sport tarixida ilk bor mana shunday katta zafar qozongan yosh xokkeychilarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi”, deydi davlat rahbari.
Ayniqsa, xokkey hujumchisi Jasurbek Rustamxonovning musobaqa davomida o‘n to‘rtta gol urib, chempionatning haqiqiy qahramoniga aylangani Prezident tomonidan alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, yosh shaxmatchilar, jumladan, Nilufar Yoqubboyevaning 100 dan ortiq xorijiy ishtirokchilar qatnashgan musobaqada faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani Prezident e’tiboriga tushdi.
“Shu kunlarda barchamiz yana bir qutlug‘ va fazilatli oy – muqaddas Ramazoni sharif arafasida turibmiz.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yurtimiz musulmonlarini, butun islom ummatini ana shu tabarruk ayyom bilan chin qalbimdan muborakbod etaman”, deya Prezident o‘zbekistonliklarni Ramazon bilan ham qutlagan.
Ayni vaqtda davlat rahbari O‘zbekistonda ertaga nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga hurmat ko‘rsatib, bugungi sayil-shodiyonada ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini chin dildan qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga samimiy salom va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
“Barchangizni, butun xalqimizni Navro‘z umumxalq bayrami bilan yana bir bor tabriklayman. Fasli navbahor har bir oila, har bir mahallaga, elu yurtimizga tinchlik va farovonlik, baxtu saodat olib kelsin! Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin! Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin! Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!”, deb so‘zini yakunlagan davlat rahbari.
Javohir Qadamov
LiveBarchasi