Shavkat Mirziyoyev sumalak saylida ishtirok etdi (video)
Jamiyat
−
16:11 4959 4 daqiqa
Bugun, 26 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga tashrif buyurib, sumalak saylida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, zamonaviy va shinam turarjoylar barpo etish ishlari izchil kengaymoqda. Prezidentning 2021 yil 12 oktyabrdagi farmoniga muvofiq “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etilayotgan shunday loyihalardan biri Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida qad rostlamoqda.
Cho‘l hududini o‘zlashtirish hisobiga bunyod etilayotgan massivning 50 gektarida 116 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha poliklinika, 180 o‘rinli bog‘cha, 330 o‘rinli maktab va mahalla binosi foydalanishga topshirilib, 68 ta uydagi 1,5 mingta xonadonga aholi ko‘chib kirgan.

Shuningdek, axborot texnologiyalari va ingliz tili o‘quv markazi ish boshlagan, 7 ta mikromarkaz hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ekti qurilgan. Ichimlik suvi, issiqlik tarmoqlari, 3 kilometrga yaqin gaz quvuri tortilib, 250 kivottli transformator o‘rnatilgan. 4,5 gektar yerga manzarali va mevali daraxtlar, dasht hududidagi 300 gektar maydonga esa saksovul o‘simliklari ekilgan.
Kelgusida bu yerda yana 50 ga yaqin uy qurilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, joriy yilda yana 14 ta (280 xonadonli) ko‘p qavatli uy-joy, yangi yo‘llar, ko‘kalamzorlashtirish ishlari hamda istirohat bog‘i qurilishi rejalashtirilgan.

Tashrif chog‘ida Prezident massiv hududida faoliyat yuritayotgan “Yangi yoshlar” boshqaruv servis kompaniyasi ishi bilan tanishgan. Kompaniya tumandagi 161 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi, shundan 54 tasi mazkur massivda joylashgan. Hududdagi ko‘p qavatli uylar tomiga 5-15 kilovattli quyosh panellari o‘rnatilgan.
Inklyuziv ta’lim har bir bolaning, jismoniy yoki aqliy holatidan qat’i nazar, maktabga borishi va sifatli ta’lim olishini ta’minlashni nazarda tutadi.

Davlat rahbari massivdagi 66-maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishgan.
Maktabda bugun 500 dan ziyod o‘quvchi ta’lim olmoqda. Nogironligi bor bolalarni zamonaviy standartlar asosida o‘qitish uchun alohida yondashuvlar joriy etilgan, 50 ga yaqin maxsus mutaxassis va pedagoglar faoliyat yuritmoqda. Maktab hovlisi, yo‘laklar, o‘quv xonalari, ovqatlanish xonasi, sport zali hamda muolaja xonasi zarur sharoitlar bilan ta’minlangan.

Davlat rahbari maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, sun’iy intellekt, raqamlashtirish bilan bog‘liq yo‘nalishlarning bugungi yoshlar hayoti, kelajagi uchun naqadar muhimligiga e’tibor qaratgan.
“Sun’iy intellektga o‘qitish dasturlarini bejiz maktablar ta’limiga joriy etmayapmiz, o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga, mehnat bozoriga kelajak kasblariga tayyor bo‘lib borishlarini istaymiz”, deydi Prezident.

Shundan so‘ng Prezident massivdagi xorijiy tillar va axborot texnologiyalari o‘quv markazini ko‘zdan kechirgan.
6,5 milliard so‘m hisobiga barpo etilgan 400 o‘rinli majmua yiliga 2 mingdan ortiq yoshga ta’lim olish va loyihalar ustida ishlash imkoniyatini beradi. Bu yerda 200 nafarga yaqin o‘quvchi kompyuter savodxonligi va front-end yo‘nalishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat olgan. 150 nafarga yaqin o‘quvchi IELTS imtihonlarida V2 va undan yuqori natijalarni qayd etgan. Markazda 20 ga yaqin mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.
Davlat rahbari yoshlarni ilmga yo‘naltirish, jumladan, xorijiy tillarni o‘rgatishga qaratilgan bunday majmualar ahamiyatiga alohida to‘xtalgan.
“Bugun bunday markazlarning kelajak intilishlarini qo‘llab-quvvatlashimiz, kerak bo‘lsa, ularni sa’y-harakatlarini birlashtirib, xorijiy hamkorlar bilan bog‘lashimiz lozim. Shunda ota-onalar farzandlarini ishonch bilan mana shunday markazlarda o‘qitadi”, deydi Prezident.
Ko‘klam yaqinlashishi bilan hududlarda bahoriy bayram sayillarini uyushtirish an’anaga aylangan. Prezident massivdagi sumalak saylida ishtirok etib, aholi bilan birga shodiyona kayfiyatda bo‘lgan, bu yerda istiqomat qilayotgan insonlarning samimiy fikrlariga quloq tutgan.
“Bugun jahon hamjamiyati O‘zbekistonga hurmat bilan qaramoqda, xalqimiz uchun yaratilayotgan sharoitlarni ko‘rib, islohotlarning samarasiga guvoh bo‘lmoqda. “Yangi O‘zbekiston” massivlari ham odamlarimiz farovon hayot kechirishi, shinam uylarda yashashi uchun barpo etilyapti. Men doim “ta’lim-ta’lim” deb bejiz aytmayapman. Bilimimiz, mana shunday bunyodkorona mehnatimiz bilan yurtimizning obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirib, dunyoda munosib o‘rin egallaymiz. Surxondaryoning eli mehnatkash, tanti, bu yerda hali ko‘p yangiliklarni amalga oshiramiz”, deydi Prezident.
Live
Barchasi