Shavkat Mirziyoyev Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodiga bordi
Jamiyat
−
13 yanvar 4661 2 daqiqa
Bugun, 13 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari korxonada amalga oshirilgan keng ko‘lamli modernizatsiya natijalari hamda uning yangi yuqori texnologik bo‘linmalari faoliyati bilan tanishgan.

Zavod negizida MDH va mintaqamizda yagona bo‘lgan “Airbus” vertolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish markazi ishga tushirilgan.
Markaz Fransiyaning “Airbus” kompaniyasi tomonidan rasmiy sertifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lib, ishlab chiqarish yuqori saviyada tashkil etilgani, xalqaro standartlar va ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligi tasdiqlangan. Bu yerda G‘arb aviatexnikasining zamonaviy modellari, shu jumladan, H-125, H-215 va H-130 rusumli vertolyotlar uchun servis va ta’mirlash ishlarining to‘liq zanjiri yo‘lga qo‘yilgan.

Markaz O‘zbekistonni “Airbus” vertolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha muhim mintaqaviy xabga aylantirish imkonini beradi. Mamlakat yetakchisi markaz imkoniyatlari bilan tanishgan va mutaxassislar bilan muloqot qilgan.

Shu yerning o‘zida Prezidentga zavodning Su-25 harbiy samolyotlarini kapital ta’mirlash va chuqur modernizatsiya qilish bo‘yicha yangilangan sexlari taqdimot qilingan. Ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish hisobiga endilikda korxonada texnikani zamonaviy navigatsiya tizimlari, tungi ko‘rish qurilmalari va bortdagi o‘zini himoya qilish komplekslari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari tashrif yakunida mamlakat mudofaa sanoati salohiyatini yanada mustahkamlash bo‘yicha topshiriqlar bergan.
Live
Barchasi