Shavkat Mirziyoyev Braziliya Tashqi ishlar vazirini qabul qildi
Jamiyat
−
20:58 376 1 daqiqa
Bugun, 12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif bilan mamlakatga kelgan Braziliya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyrani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
O‘zbekiston – Braziliya munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilingan.
Oliy darajada tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, siyosiy va parlamentlararo aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etilgan.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika va sanoatning boshqa tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Qishloq xo‘jaligi, seleksiya, turizm, sport va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollari kun tartibida bo‘lgan.
Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun hukumatlararo komissiya tuzish taklif etilgan.
Tomonlar xalqaro darajadagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashgan, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Serbiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Marko Jurichni qabul qilgandi.
Live
Barchasi