“Sharmandali byudjet”: tilanchilikmi yoki tashabbus?
Tahlil
−
08 aprel 2023 23816 8 daqiqa
O‘zbekistonda turli ijtimoiy muammolar – tashkilotlarga tegishli binolar rekonstruksiyasidan tortib yangidan qurilishigacha, yo‘llar ta’mirlanishiyu qishloqlarni suv bilan ta’minlashgacha bo‘lgan masalalarga yechim topish maqsadida ishga tushirilgan “Open budget” loyihasi so‘nggi vaqtlarda jamoatchilik orasida “sharmandali byudjet” nomini oldi. Boisi, loyiha uchun ovoz yig‘ish jarayonlari borgan sari tashabbusdan ko‘ra ko‘proq majburiyatga aylanib qoldi. Ish vaqtida maktab o‘qituvchilarining jarayonga majburan jalb etilishiyu, o‘quvchilarni dars vaqtida SIM-karta uchun pul olib kelishga yuborilishi, turgan gapki, jamoatchilik faollari va internet foydalanuvchilarining keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi. QALAMPIR.UZ ushbu mavzu doirasidagi eng qalampirli fikrlarni bir joyga jamladi. Biroq oldin “Open budget” o‘zi qanday loyiha, u qachon va kim tomonidan joriy qilinganiga to‘xtalsak.
“Open budget” o‘zi qanday loyiha?
2021 yil 13 aprel kuni Prezident qaroriga asosan, fuqarolarning davlat byudjetini shakllantirish jarayonini nazorat qilishi hamda ularni byudjet mablag‘larini shakllantirish va sarflanishi jarayonida ishtirokini ta’minlash maqsadida o‘sha yilning 9 iyul kuni Moliya vazirligi tomonidan “Ochiq byudjet” portali ishga tushirildi. Portalda, shuningdek, “Tashabbusli byudjet” bo‘limi ham ochildi. Natijada ikki yil davomida aholining tashabbuslari asosida hududlarda o‘z yechimini kutayotgan bir qancha muammolar hal bo‘ldi.
“Open budget” uchun ovoz berish jarayoni boshlanar ekan, uning atrofida bahs-munozarali holatlar ham avj oldi. Kimlardir bu tizim aholi faolligini oshirganini aytayotgan bo‘lsa, boshqalar davlat o‘zi amalga oshirishi kerak bo‘lgan ish uchun xalqni sarson qilayotganini ta’kidlamoqda. Yana kimlardir esa loyihaga ovoz berish xolis tarzda bo‘lmayotgani, boshqacha qilib aytganda, ovozlar ba’zi narsalar: pul, ichimlik, somsa va hatto o‘simlik yog‘i evaziga sotib olinayotganidan arz qilmoqda.

Bloger Nozim Safari Twitter ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, odamlarning o‘z hududidagi loyiha uchun turli qonunga xilof bo‘lmagan usullar yordamida ovoz yig‘ishi tabiiy hol. Ularni bu uchun tanqid qilish to‘g‘ri emas.
“Bitta kolaga bo‘ladimi yo yarimta nonga ovoz so‘rasa nimasi yomon. O‘ziga emas, qandaydir aniq ijtimoiy loyihaga so‘ramoqda. E’tiroz nimada?”, deb yozadi u.
Bloger Zafar Solijonov esa uning fikriga e’tiroz bildirgan holda “Xalqdan soliq olishda yalingani yo‘q, jazo qo‘yyapti, xalqqa berishda yalintirishi kerakmi?”, deb yozgan.
Tvit ostidagi izohlarning aksaridan ushbu loyiha bo‘yicha e’tirozlar asosan shifokor, o‘qituvchi va tarbiyachilar ovoz berishga majburlanayotganiga nisbatan bo‘layotganini tushunish mumkin. Shunday izohlardan biri Umid To‘lanboyev ismli foydalanuvchi tomonidan berilgan. U bir necha bor o‘qituvchilar ovoz berish jarayonida sarson bo‘layotganini aytib, hatto, ba’zi maktablarda o‘qituvchilarga ovoz yig‘ish bo‘yicha “plan” qo‘yilganini yozgan.

“Konstitutsiya o‘zgarishiga targ‘ibot qilgan ham, saylovga odam to‘plagan ham, maktabni tozalagan ham, tarbiyaga qaragan ham o‘qituvchi”, deb yozadi u.
Yuqoridagi fikrlarda jon borligi bir necha bor isbotini topdi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida maktab o‘quvchilari “Open budget” uchun ovoz to‘plash maqsadida uyidan pul olib kelishga jo‘natib yuborilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, tumandagi 17-maktabning o‘quvchilari maktabga kiritilmay, “Open budget”ga ovoz yig‘ishda foydalanish uchun SIM-karta sotib olish maqsadida 10 ming so‘mdan 20 ming so‘mgacha pul olib kelishlari tayinlanib, uylariga ketkazib yuborilgan.

Bu birgina holat emas. Sobiq deputat Rasul Kusherboyev unga kelgan murojaatlardan bir nechtasida maktab direktorlari o‘qituvchilarni loyihalar uchun ovoz yig‘ishga majburlayotgani va bunday murojaatlarning bir nechtasi Namangan viloyatining Uychi tumani, Namangan shahri, Andijonning Andijon, Shahrixon, Oltinko‘l, Farg‘onaning Rishton, Quva tumanlaridan kelganini yozgan.

Yana bir holatda esa Navoiydagi maktablardan birida direktor o‘qituvchilarni ovoz to‘plashga majburlab, bosim o‘tkazgani, agarda maktab uchun elektron doska sotib olish bo‘yicha tashabbusi g‘olib bo‘lmasa, ularning “qonini ichishini” aytib, tahdid qilgani ma’lum bo‘ldi.
Telegram'dagi “Fayzbog‘” (Temurmalik) kanali ma’murlari ham bu muammoga e’tibor qaratgan.
“O‘qituvchilar bizning himoyamizda, mana qonun ham qabul qildik, biz sizlarni sevamiz, degan pafoslarga to‘la gaplarni gapirguncha barchaga va ayniqsa, o‘qituvchilarga real keys ko‘rsatib beringlar. Qani, kimni himoya qildingiz va kelajakda qanday himoya qila olasiz, shundan gapiring”, deyiladi kanalga joylangan postda.
Ba’zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa o‘qituvchi va shifokorlarni ortiqcha ovoragarchiliklardan xalos qilish uchun maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalarini ta’mirlash loyihalarini ovozga qo‘ymaslikni taklif qilmoqda.

Jurnalist G‘ayrat Yo‘ldosh muammoni yechish uchun doimiy ro‘yxatda turmaydigan hudud loyihalari uchun ovoz berish imkoniyatini cheklash kerakligini aytgan.
Tarmoq faollaridan biri, jurnalist va filolog Shahnoza Soatova loyihalarga ovoz berish evaziga odamlarga tarqatilayotgan pul va mahsulotlarning xarajatlarini kim qoplashiga qiziqqan.
Yana bir foydalanuvchi esa akasining chiroqchilik kursdoshi Rossiyada ishlayotgan va yaxshiroq lavozimdagi tanishlari bilan bog‘lanib, o‘ziga pul tashlatgani, bu pulga ikki odamni yollab, birini Surxondaryoga, boshqasini Toshkentga ovoz to‘plash uchun yuborishlarini, shu tarzda, ko‘cha, masjid, maktablar ta’mirlangani, suv muammosi hal bo‘lgani haqida yozgan.

Xuddi shu kabi yana bir foydalanuvchi ikki bor 4000 ta ovoz bilan g‘olib bo‘lishgani, bunda faqat avtomobilga hamda 2 nafar operatorga jami 2-3 million so‘m atrofida pul sarflanganini aytgan.
“Yoshlar birikib, birdamlikda ishlab, 3,5 kilometr yo‘l asfalt bo‘ldi. Ungacha faollar Lenin davridan buyon asfalt uchun kattalar oldiga qatnab, hech narsaga erishishmagan”, deb yozadi u.
Jurnalist Inobat Ahatova esa qishlog‘ida tadbirkorlar ovoz yig‘ishni tashkillashtirayotgan talabalarning shartnoma to‘lovini to‘lab berayotganini ta’kidlagan.
Ko‘rinib turibdiki, hududlarda aholini qiynovchi muammolarni hal qilish uchun intilish odamlarning birlashuviga, jamiyatning yanada faollashishiga xizmat qilyapti. Biroq ovoz berish evaziga turli narsalar taklif qilinayotgani ba’zi shubhalarni ham keltirib chiqarmoqda.
Masalan, tadbirkor Bektosh Xatamov o‘z Telegram kanalida e’lon qilgan postda shunday deyiladi:
“Open budget” bo‘yicha yozgan postimdan keyin juda ko‘pchilik odam menga yozishdi. Erinmasdan shu masalani ichiga kirib chiqishga qaror qildim.
Diqqat savol: siz ham ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak, odam gavjum joylarda bir to‘da viloyatdan kelgan bolalar bitta ovozga bitta kola, pepsi yoki boshqa ichimlik tarqatishmoqda. Shu pepsi, kolalar kimning cho‘ntagidan ketmoqda?
Men birinchi yaxshi gumonda bo‘lib buni o‘sha mahalla ahli, raislari tashkillashtirib bu mablag‘larni aholidan yig‘ib, xalq birlashib shu ishga qo‘l urishgan deb o‘ylabman.
Yo‘q, men nodon juda adashgan ekanman, bu hech qanaqa mahalla yoki xalqning birlashuvidan olingan pul emas ekan. Bu o‘sha hududdagi quruvchi tashkilot, boshqacha qilib aytganda “firmachi” homiyligida qilinar ekan.
“Firmachi”ga byudjetdan pul o‘tkazib beriladi, u o‘sha ob’ektni yutish uchun qanchadir mablag‘ sarflab, odamlarga tekinga kola tarqatadi. Qarabsizki, bitta qurilish ob’ekti bor, endi kolaga ketgan pullarni chiqarish uchun ob’ektni sifatsizroq qilib topshirib olsa, marra uniki.
Xullas, o‘rtoqlar, biz odam bo‘lmas ekanmiz, jamiyat davlatni aldaydi, davlat jamiyatni aldaydi, xullas hammamiz bitta katta yolg‘onchilar jamiyatida bir-birimizni aldab yuraveramiz”, deb kuyinib yozadi u.
Umuman olganda, bu kabi holatlarga barchamiz o‘z hayotimizda duch kelganimiz aniq. Tanish-bilish, qarindoshlar, yaqinlar orasida “ovoz berib yubor” deb iltimos qilganlarga kunda bo‘lmasa ham kunora duch keldik. Bundan jabrlanganlar faqatgina o‘qituvchilar emas, ularning safida shifokorlar ham bo‘lgani qulog‘imizga chalindi. Oq xalat sohiblari majburan ovoz yig‘ish bilan band bo‘lar ekan, koridorda ularning ko‘rigiga kelganlarning navbati turnaqator bo‘lgani achinarli hol. Axir, shifokorlar uchun bemorga yordam ko‘rsatish ularning birinchi raqamli burchi emasmi?!
Albatta, bu jarayonlarga mutasaddilar ham jim qarab turgani yo‘q. “Kattalar” orasida “Open budget” loyihasi bilan bog‘liq voqealarga fikr bildirganlar bo‘ldi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali ba’zi maktab o‘qituvchilariga loyihada ovoz yig‘ish uchun majburiy topshiriq berilayotgani yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova izoh berib, ushbu vaziyat vazirlik tomonidan jiddiy o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb etish jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishini ham eslatgan.
Keyinroq, 24 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi 36-maktab o‘qituvchilari “Open budget”ga ovoz yig‘ishga majburlangani aks etgan video tarqalgandi. Bosh prokuratura mazkur holat Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qilgan edi.
Bundan tashqari, 25 mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati “Open budget”ga ovoz berishda Face-ID yordamida identifikatsiya qilish mexanizmini joriy etish amaliyoti ko‘rib chiqilayotganini e’lon qilgandi. Keyinchalik vazir Sherzod Qudbiyev videomurojaat bilan chiqib, ushbu yangilikni rad etdi.
Biroq yuqorida qayd etilgan o‘rganishlar natijasi qanday tugagani, kimlar javobgarlikka tortilgani haqida hech kim lom-mim demadi.
Xullas, minglab tanqidlarga uchragan loyihaning navbatdagi bosqichi nihoyat o‘z yakuniga yetdi. G‘oliblar e’lon qilindi. Kimdir zug‘umlari ish berganidan xursand bo‘lsa, yana kimdir shuncha kuyib-pishgani bekor ketganiga achinayotgani tabiiy. Aybsiz aybdor bo‘lib qolganlar ham ko‘p bo‘lsa kerak…
Ayni paytda bizni boshqa masala o‘ylantiryapti. Xo‘sh, bu tomosha yana qancha vaqt davom etadi? Nahotki, uni sharmandali holatlarsiz, tartibbuzarliklarsiz o‘tkazish mumkin emas? Uning navbatdagi bosqichi qachon bo‘ladi? Bu safar kimlar majburiy mehnat – ovoz yig‘ishga jalb etiladi? Nahotki, loyihani tilanchilik bilan emas, haqiqatda tashabbus bilan amalga oshirishning iloji bo‘lmasa?!
Nodirjon Madaminov
Live
Barchasi