Samarqandda sher bolasini noqonuniy boqqan fuqaro ushlandi
3-sahifa
−
24 may 3569 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida fuqaro o‘z mashinasida sher bolasini olib yurgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyat Ekologiya boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari o‘rganish olib bordi.
Ushbu o‘rganish natijasida Samarqand tumanida yashovchi fuqaro Afrika sheri bolasini tumanning Oqbo‘yro mahallasi hududidagi dala hovlilarning biriga yashirishga uringani ma’lum bo‘lgan. Sher bolasi dala hovlining sim to‘sig‘iga bog‘lab ketilgan holda topilgan. Unga birinchi yordam ko‘rsatilib, vaqtincha saqlash uchun viloyat kinologiya markaziga olib kelingan hamda alohida parvarishga olinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Ayni paytda ushbu qonunbuzarlik yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, viloyat prokuraturasi tomonidan holatga huquqiy baho berilmoqda.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 736-son qaroriga asosan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan ko‘pgina (ro‘yxat asosida) yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash hamda sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlanadi. Qarorga binoan, taqiqlangan hayvonlar faqatgina Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining tegishli ruxsatnomasiga ega yuridik shaxslar tomonidan hayvonot bog‘lari, pitomniklar (terrarium, okeanarium va boshqalar)da saqlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Toshkent tumanida o‘z yashash xonadonida 1 yo‘lbars va 4 dona yo‘lbarssimon ilon boqqan shaxs ushlangandi.
Live
Barchasi