Saida Mirziyoyeva Kaya Kallas bilan ham uchrashdi
Olam
−
10 Oktabr 3537 1 daqiqa
Kecha, 9 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Kaya Kallas bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
Bildirilishicha, muloqot chog‘ida ham global, ham mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga to‘xtalib, Markaziy Osiyoga alohida e’tibor qaratilgan. Murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani ta’kidlangan.
“Ochiq va mazmunli suhbat uchun Kallas xonimga minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlaydigan navbatdagi qadamlarni intiqlik bilan kutib qolaman”, deya yozgan Saida Mirziyoyeva.
Qayd etish joiz, Kaya Kallas joriy yil mart oyida O‘zbekistonga kelib, mamlakat rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi. Aprel oyida esa Samarqandda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi birinchi sammit bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 oktyabr kuni Saida Mirziyoyeva Bryusselda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan ham uchrashgan edi.
Live
Barchasi