Rossiyaning Ukrainaga hujumlari oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Rossiya armiyasining kecha, 29 iyun kuni Ukrainaning uchta yirik shahriga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohat oldi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, zarbalar kun davomida ham davom etgan va qurbonlar soni oshib borgan. Bu haqda mahalliy rasmiylarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Dnepropetrovsk viloyati gubernatori Aleksandr Hanjaning ma’lum qilishicha, Dnepr shahriga berilgan raketa zarbasi oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan, yana 29 kishi jarohatlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum natijasida korxona, maktab, xususiy uylar va avtomobillarga zarar yetgan. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya raketa zarbasi shahar infratuzilmasini nishonga olganini bildirgan.

“Rossiya Dneprga infratuzilmani nishonga olgan holda raketa zarbasini berdi”, deb yozgan Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.

U qutqaruv ishlari davom etayotganini ta’kidlab, Yevropa o‘zining ballistik raketalarga qarshi mudofaa tizimlari va raketalarini rivojlantirishni jadallashtirishi zarurligini qayd etgan. Kechki video murojaatida esa Ukraina rahbari barcha hujumlarga javob qaytarilishini aytgan.

“Biz buni, avvalo, Rossiya davlat tizimi va uning urushni cho‘zish imkoniyatlariga ta’sir qilishi uchun amalga oshirmoqdamiz”, degan Zelenskiy.

Shuningdek, Zaporoje shahrida Rossiya droni mikroavtobusga zarba berishi oqibatida ikki erkak va bir ayol halok bo‘lgan. Yana sakkiz kishi, jumladan yetti yoshli bola jarohat olgan. Keyinroq yana bir dron avtobus yaqinida portlashi natijasida yetti kishi, jumladan ikki nafar bola jarohatlangan.

“Odamlar urushni yanada ko‘proq his qilyapti. Bundan boshqa nima deyish mumkin? Bu terrorizm, boshqa hech narsa emas”, degan hujumda turmush o‘rtog‘ini yo‘qotgan 58 yoshli Svetlana Komarova “Reuters” agentligiga.

Qayd etilishicha, Ukrainaning ikkinchi yirik shahri Xarkovda ham boshqariluvchi aviabomba 23 yoshli ayolning hayotiga zomin bo‘lgan. Yana 10 kishi jarohat olgan. Shahar meri Igor Terexovning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida tramvay va 15 dan ortiq avtomobilga zarar yetgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning 28 iyun kuni amalga oshirgan hujumlari oqibatida Ukrainaning janubi-sharqiy va shimoli-sharqiy hududlarida kamida besh kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohat olgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing