Rossiyaning Sumi viloyatidagi hujumi to‘xtatildi – Sirskiy
Olam
−
26 iyun 2025 7173 2 daqiqa
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Sumi viloyatidagi jangovar hududga tashrif buyurib, Rossiya armiyasining viloyatdagi hujumi to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 26 iyun kuni o‘zining Facebook sahifasida yozdi.
Sirskiy mintaqani mudofaa qilishni hozirgi davrning eng muhim vazifalaridan biri deb atagan. Uning aytishicha, bu hududda mudofaa inshootlarini qurishni tezlashtirish zarur.
“Rossiya armiyasining Sumi viloyatidagi harakatlari to‘xtatildi”, deb yozdi Sirskiy.
U so‘nggi ikki oy ichidagi mudofaa operatsiyalari natijalariga tayanib, Rossiya hududidan boshlangan “yozgi hujumlar to‘lqini” Xarkov viloyatidagi o‘tgan yilgi urinishlar kabi muvaffaqiyatsiz bo‘lganini bildirgan.
Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, joriy hafta holatida Ukraina armiyasi jangovar to‘qnashuv chizig‘ini barqarorlashtirishga erishgan.
“Ayrim yo‘nalishlarda bo‘linmalarimiz faol mudofaa taktikasi orqali harakat qilib, Sumi viloyatining chegara hududlarida ukrain yerlarini ozod etmoqda”, deydi u.
Shuningdek, Sirskiy Shimoliy Slobojan yo‘nalishidagi janglar hududiga tashrif davomida Ukraina bo‘linmalari tomonidan Rossiyaning Kursk viloyatidagi Glushkov tumanida olib borilgan hujumlar haqida so‘z yuritgan. Unga ko‘ra, bu hujumlar Rossiya qo‘shinlarini o‘z hududlarini himoya qilishga majbur qilgan va bu esa Sumi yo‘nalishidagi dushman kuchlarining hujum salohiyatini sezilarli darajada pasaytirgan.
Sirskiy, shuningdek, Sumi viloyatini himoya qilish bo‘yicha maxsus guruh tashkil etilganini ma’lum qilgan. Ushbu guruhning asosiy vazifalari orasida muhandislik va mudofaa inshootlarini qurish hamda shaharlarda hujumga qarshi tayyorgarlik ishlarini olib borish mavjud.
“Dushman hujumi ehtimoli bo‘lgan yo‘nalishlarda samarali muhandislik to‘siqlari tizimini ta’minlash uchun javobgar mas’ul shaxs ham tayinlandi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning Sumi viloyatining Verxnesirovatskaya mahallasida Rossiya dronlari yordamida uyushtirilgan yirik hujumi oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgandi. Ularning orasida 1 nafardan erkak, ayol va sakkiz yoshli bola bo‘lgan.
Live
Barchasi