Rossiyalik deputat Qirg‘izistonni “kichik tashkilot” deb haqoratladi

Olam

image

Qirg‘izistonda “rus uyi” xodimasi Natalya Sekerinaning qirg‘izistonliklarni Rossiya armiyasiga askarlikka yollashda gumon qilinib, hibsga olinishiga nisbatan rossiyalik deputat Mixail Matveyev rasmiy Bishkek manziliga haqoratli munosabat yo‘lladi. Davlat dumasi deputatining vaziyatga agressiv tarzda yondashuvi RTVI’ga bergan intervyusida namoyon bo‘ldi.

Rossiyalik deputat, Davlat dumasining Mintaqaviy siyosat bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mixail Matveyev O‘sh shahridagi “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi xodimasi Natalya Sekerinaning yollash ayblovi bilan qo‘lga olinishi va Bishkekdagi Pervomay tuman sudi tomonidan 17 iyungacha hibsda qoldirilishiga nisbatan keskin norozilik bildirdi. U “qirg‘iz hukumati ma’lum chegaralarni kesib o‘tmoqda”, deya ta’kidladi va Qirg‘izistonni “kichik tashkilot” deb haqorat qildi.

“Buyuk kuchda o‘zini beadab tutadigan kichik, beadab tashkilotni o‘z o‘rniga solib qo‘yish uchun millionlab variantlar bor”, degan deputat.

“Beparvo tashkilot” deganda deputat Qirg‘izistonni nazarda tutgan. Shuningdek, u Qirg‘izistonni ba’zi choralar bilan jazolash variantlarini ham taqdim qilgan.

“O‘ylaymanki, Qirg‘izistonga Rossiya banklaridan pul o‘tkazmalarini olishni cheklash oson bo‘lardi. To‘satdan to‘sib qo‘yilgan bu o‘tkazmalar bilan ham shunday holat yuz berishi mumkinmi?” deb tahdid qilgan Matveyev.

Shu bilan birga, Matveyev Kreml 9 may bayrami arafasida Qirg‘iziston bilan munosabatlarni keskinlashtirishi dargumonligini qo‘shimcha qilgan. Unga ko‘ra, bunday vaqtlarda keskinlashuvdan hech kim manfaatdor emas. 

Shuningdek, Rossiya tomoni bu voqeaga yuqori organlar darajasida ham javob qaytardi. Davlat Dumasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashi mazkur hibs va ayblovdan xavotirda ekanini bildirib, Rossiya manfaatlarini xorijda ifodalovchi tashkilotlarga nisbatan bunday harakatlar qabul qilinishi mumkin emasligini e’lon qildi.

“Rus uyi” xodimasining qo‘lga olinishi

Joriy yil 17 aprel kuni Qirg‘izistonda Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga askar yollash ayblovi bilan O‘sh shahrida joylashgan “rus uyi”da faoliyat olib boruvchi jurnalist hibsga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tomonidan yollash ishi doirasida ushbu shaxsdan tashqari yana 3 kishi jumladan, O‘sh shahar hokimiyati matbuot xizmati xodimi Sergey Lapushkin ham qo‘lga olingan. Lapushkin noqonuniy tarzda armiyaga yollash va hatto o‘qitishni tashkil etish bilan ayblanmoqda.

Ularga nisbatan jinoyat ishi aynan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining tergov boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan. 22 aprel kuni Bishkekdagi Pervomay tuman sudi bu jarayondagi asosiy qahramonlardan biri hisoblanadigan “rus uyi”da ishlovchi jurnalist Natalya Sekerinaga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida 17 iyungacha hibsda saqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Gumon qilinuvchiga Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining eng so‘nggi, 416-moddasi 1-qismida qayd etilgan “boshqa davlatlarning qurolli to‘qnashuvlarida foydalanish, davlat hokimiyatini ag‘darish yoki hududiy yaxlitlikni buzishga qaratilgan zo‘ravonlik harakatlari uchun yollanma askarlarni yollash, moliyalashtirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, o‘qitish, shuningdek, harbiy mojarolar yoki harakatlarda yollanma askarlardan foydalanish” ayblovlari tahdid solmoqda.

Hozirda unga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda va Sekerina bu vaqt davomida hibsda qoladi. “Rus uyi” xodimasining yollash ishiga aloqadorligi isbotlansa, uni Qirg‘iziston qonunchiligi bo‘yicha 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kutmoqda. Sekerina haqida hozirgacha ma’lum bo‘lgani uning Qirg‘iziston fuqarosi ekani, 2024 yil iyul oyidan beri “rus uyida” ishlab, tashkilotning O‘shdagi filialida ommaviy axborot vositalari bilan aloqaga mas’ul bo‘lgani kabi ma’lumotlardir.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiyalik deputat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing