“Rossiyaga bormang 3”. Rus o‘zbekni qul dedi?
Tahlil
−
27 avgust 17229 8 daqiqa
Bu tahqirli video bir necha kundan buyon tarmoqlardagi o‘zbek segmentini g‘azablantirib kelmoqda. Ushbu hodisa aks etgan tasvir ilk bor 23 avgust kuni tarqaldi. Keyinchalik voqea Moskva viloyatining Ximki shahrida joylashgan “Solnechnaya sistema” nomli turarjoy majmuasida sodir bo‘lgani aytildi. Internetda mavjud ma’lumotlarga qaralsa, Ximkida rostdan ham “Solnechnaya sistema” degan turarjor kompleksi mavjud. Aholi istiqomat qiladigan mazkur ko‘p qavatli uylardagi beso‘naqay ranglar uyg‘unligi va undagi temir to‘siqlar esa bir necha kun oldin internetda virusdek tarqalgan ushbu tahqirli videodagi tasvirlarga mos tushadi. Aynan o‘sha ranglar va o‘sha temir to‘siq. Bu esa mazkur ayanchli holat rostdan ham Rossiyada, Moskvadagi Ximki shahrida sodir bo‘lganini to‘liq tasdiqlaydi.
Ammo ushbu hodisada izzat-nafsi yerga urilgan inson aniq o‘zbekmi, uni qadr-qimmatini poymol qilgan natsistik ruhdagi shaxs esa rusmi, bular hali aniq emas. Biror bir rasmiy idora mazkur voqelikka aniqlik kiritgani ham yo‘q. Rasmiy munosabatdan mana bir necha kundirki darak yo‘q. Lekin ushbu videodagi qabul qilib bo‘lmas haqoratlar ichida ikki bor O‘zbekiston nomi tilga olingani va “sen ruslarning qulisan” degan o‘ta tahqirli jumla hozircha bu suhbat bir millatchi va shovinistik ruhdagi rus hamda O‘zbeksitondan borgan mehnat muhojiri o‘rtasida kechganiga ishora qilmoqda. Bundan tashqari, “O‘zbekistonda hech narsa yo‘q bo‘lgani bois, bu yerga kelgansan” deb qayta qayta aytilgan gapning o‘zi ham ko‘p narsalarni ochiqlaydi.
Ko‘plab manbalarda turlicha ma’lumotlar. Ba’zilar haqoratli gaplarni aytgan shaxs mahalliy aholi vakili, jabrdiyda esa taksi xizmatlaridan birida ishlaydigan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri ekanini iddao qilmoqda. Ko‘p ehtimol ular o‘rtasidagi mojaro “parkovka” bo‘yicha tushunmovchilikdan kelib chiqqan. Bu esa mazkur jarayonni tasvirga olish mojaro o‘rtasidan boshlangani, ehtimol o‘sha shovinist qarshisida turgan muhojirdan avval qayerdan kelganini so‘rab, bilib, keyin hujumga o‘tgan degan taxminga yetaklamoqda. Aks holda o‘sha millatchi o‘z-o‘zidan ikki bor O‘zbekiston nomini tilga olmasdi. Aslida ham voqeaning mazmun-mohiyatiga yetish uchun bundan ortiq narsa shart emas. Deylik, o‘sha jabrdiyda inson o‘zbek bo‘lmagan taqdirda ham, umumiy ma’noda muhojir va bu Rossiyada ishlab turgan barcha muhojirlarga tegishli. O‘zbek, tokij, qirg‘iz va hokazolarga – barcha migrantlarga aytilgan haqorat bu.
Tashqi ishlar vazirligi nega jim?
QALAMPIR.UZ mazkur voqea bo‘yicha ma’lumotlar taqchil bo‘lgan bir paytda, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi bilan bog‘lanib, ba’zi narsalarga oydinlik kiritishga harakat qildi. Chunki yuqorida ta’kidlanganidek, qadr-qimmati kamsitilgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi ekani rasman o‘z tasdig‘ini topgani yo‘q. Shunday bo‘lishiga qaramay, Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bunday holatlarda huquqi buzilgan istalgan davlat fuqarosi qanday yo‘l tutishi lozimligiga to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, bu birinchi navbatda fuqarolik masalasi va kelishmovchilik shaxslar o‘rtasida sodir bo‘lgan. Shu bois huquqi poymol bo‘lgan muhojir, birinchi navbatda, Rossiyaning o‘zi bo‘lib turgan hududidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlariga murojaat qilishi lozim. Bu bilan mulozim davlat organlari darajasida sodir bo‘lmagan mojaroga Tashqi ishlar vazirligi aralashishi to‘g‘ri emas demoqchi.
Rostdan ham vaziyatga ob’ektiv nazar bilan qaralsa, bu fuqarolik masalasi ekanini anglash qiyin emas. Chunki o‘sha holatda izzat-nafsi toptalgan muhojirga Rossiya kuchishlatar tuzilmalari, masalan, OMON tomonidan tajovuz qilinmagan. Unga nisbatan bir o‘tkinchi yoki “Solnechnaya Sistema” turarjoy majmuasida yashovchi mahalliy aholi vakillaridan biri tahdidli harakatlarni amalga oshirgan. Bunday holatda darhol voqea sodir bo‘lgan joydagi huquq-tartibot organlariga shikoyat qilish lozim. Bordi-yu ular tegishli chora ko‘rmasa, keyin O‘zbekistonning shu davlatdagi tegishli vakolatxonalariga murojaat qilish o‘rinli bo‘ladi. Ayni damda Rossiyaning bir qancha shaharlari jumladan, Sank-Peterburg, Rostov na Danu, Qozon, Yekaterinburg, Novosibirsk va Vladivastokda O‘zbekiston konsulxonalari faoliyat yuritadi. Moskvada esa elchixona. O‘z-o‘zidan Ximkida ishlayotgan muhojir Moskvadagi elchixonaga murojaat qilsa bo‘ladi. Bu biz gaplashgan Tashqi ishlar vazirligi mulozimining ko‘rsatmalari emas, bu shunchaki o‘z huquqini himoya qilishning eng sodda va yagona usuli.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Rossiyada bo‘lib turgan va u yerdagi kuchishlatar tuzilmalarning g‘ayriinsoniy zo‘ravonliklariga duchor bo‘lganlar ortidan e’tiroz bildirilishi holatlari ham yo‘q emas. Masalan, joriy yilning 8 iyun kuni OMON xodimlari mehnat muhojirlarining hujjatlarini tekshirish uchun Stroginodagi yotoqxonaga bostirib kirib u yerdagi erkaklarni, jumladan, o‘zbekistonlik migrantlarni xonalardan haydab chiqargani aks etgan tasvirlar tarqalgandi. O‘shanda ular urilgan, tepilgan, xullas, bir so‘z bilan aytganda, xo‘rlangandi. Ha, hujjatlarni tekshirish Rossiyada shunday tartibda bo‘ladi. Huquqiy madaniyat allaqachon jon bergan bu o‘lkada mazkur holat odatiy qabul qilinadi. Tarixan bosqinchi va mustamlakachi bo‘lgan, nafaqat o‘ziga qaram qilingan davlatlardagi oydinlar, balki o‘z namoyondalarini ham qatliom qilgan bu o‘lkadan boshqa nimani ham kutish mumkin?
Endi o‘sha voqeaga O‘zbekiston tomonining munosabatiga to‘xtalsak. 8 iyundagi holatdan 2 kun o‘tib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Rossiya tomoni bilan har oy migratsiya masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan navbatdagi uchrashuv tashkil etilgan. Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi hududida ayrim holatlarda O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol munosabatlar kuzatilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tashvish uyg‘otayotgani ta’kidlangan. Bunday holatlarni oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar zarurligi aytilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Rossiya tomonini barcha fuqarolarga nisbatan xalqaro huquq va inson huquqlariga rioya qilishni ta’minlashga chaqirgan. Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralari O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishga hamda ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka chaqirilgan. Shuningdek, TIV matbuot xizmati Moskvadagi ushbu holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi tomonidan nota yuborilib, Rossiya TIVdan ushbu holatga izoh berish so‘ralgani haqida xabar berdi.
Shundan so‘ng, barchaning ishiga burun suqib yuradigan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova bu bo‘yicha o‘rganishlar olib borilayotgani, barcha ma’lumotlar O‘zbekistondagi tegishli vakolatli organlarga yetkazilishini ma’lum qilgandi. Ammo mana o‘sha voqeadan bir necha oy o‘tibdiki, hali hanuz uning tafsilotlari keng jamoatchilikka noma’lumligicha qolmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistondagi hamkasblarining so‘rovini sariq chaqaga ilmaganmi, yo ma’lumotlar yetkazilgan bo‘lsada, bu e’lon qilinmay qolib ketganmi, bunisi bizga qorong‘u.
O‘zbekistonlik migrantlar tizimli siquvga olinmoqda
Joriy yil 28 iyun kuni Rossiyaning eng muhim shaharlaridan biri bo‘lgan Sankt-Peterburgda taksoparklarga patent asosida faoliyat yuritadigan chet elliklarni ishga olish taqiqlangandi. Mazkur cheklov “Rossiya Federatsiyasidagi xorijiy fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi Federal qonunining tegishli modda va bandiga muvofiq, aynan “yengil avtomobillar taksisi va haydovchisi bilan ijaraga olingan yengil avtomobillar” sohasiga nisbatan joriy yil oxirigacha amal qilishi belgilandi. Sankt-Peterburg gubernatori farmoyishida ish beruvchilarga amaldagi mehnat munosabatlarini yakunlash va o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun yangi xodimlarni jalb qilish uchun 3 oylik muhlat berildi.
Eng qizig‘i, patent bu chet el fuqarosining Rossiya hududida qonuniy ishlash huquqini beruvchi hujjatdir. Uni Rossiya bilan vizasiz rejim amal qiladigan davlatlarning fuqarolari rasmiylashtirishi lozim. Ammo hammasi ham emas. Ya’ni, asosiy o‘yinchisi Rossiya bo‘lgan va Moskva tomonidan o‘ta siyosiylashtirilgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, degan tashkilot haqida ko‘pchilik biladi. O‘z vaqtida ayrim ishtirokchilarining noroziligiga uchragan ushbu muvaffaqiyatsiz tashkilotga a’zo bo‘lgan davlat fuqarolari Rossiyada patentsiz ishlashi mumkin. O‘z-o‘zidan, yuqoridagi qaror ularga tegishli emasdi. Qiziq joyi ham shunda. Negaki, bu patent bilan ishlashi shart bo‘lgan davlatlardan kelgan migrantlarga taqiq qo‘yishdan ko‘zlangan maqsadning rasmiy versiyasi xavfsizlikni ta’minlash, xizmat sifatini oshirish va mahalliy aholi uchun ish o‘rinlarini yaratish edi. Demak, Peterburg gubernatori nazdida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zolari bo‘lgan Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston fuqarolari o‘sha ish joylarini egallab olmas ekan. Ammo o‘sha hech kimga naf keltirmaydigan tashkilotdan biroz masofa saqlagan holda kuzatuvchi maqomida turgan O‘zbekiston yoki bo‘lmasam Tojikiston va Kreml changalidagi bunday birlmashmalarga tupurib qo‘ygan Ozarbayjondan boradigan migrantlar o‘sha ish o‘rinlarini tortib olar ekan.
Bu ham yetmagandek, shu qarordan bir yarim oy o‘tib, 11 avgust kuni unga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, Rossiyada patent asosida ishlovchi migrantlarga endi kurerlik qilishni taqiqlovchi band qo‘shildi. Unga ko‘ra, yangi cheklovlar barcha turdagi transport vositalarida, jumladan, oziq-ovqat yetkazib berish xizmatiga ham taalluqli ekani belgilab qo‘yildi. Qaror esa 21 avgustdan kuchga kirdi. Bunday o‘zgarishning sababi sifatida yana o‘sha xizmat sifati va xavfsizlikni oshirish, Rossiya fuqarolari, avvalo yoshlar va talabalar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish kabilar keltirildi.
Bir qarashda qaror absurddek ko‘rinadi, ammo biroz ichiga kirilsa, aslida undan nima ko‘zlangani oydek ravshan. Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘lash salohiyatiga ega bo‘lib borayotgan va Markaziy Osiyo darvozasi hisoblangan O‘zbekistonni o‘sha hech kimga kerak bo‘lmayotgan tashkilotga qo‘shishga undash, bundan boshqa hech narsa emas. Bu tuzilmaning o‘zi esa 2014 yil tashkil etilgan. Hozirgacha unga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya kabi davlatlar to‘liq a’zo hisoblanadi. O‘zbekiston, Eron va Kuba kuzatuvchi maqomida. Rasmiy Toshkent bu tuzilmada 5 yildan buyon, aniqroq qilib aytganda, 2020 yildan beri shunchaki kuzatuvchi maqomida. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zolik va unga a’zo bo‘lgan davlatlarning roziligini olishni tezlashtirgan bir paytda Rossiyaning bu formatdagi tashkilotiga to‘liq qo‘shilishi amrimahol.
Live
Barchasi