Rossiyadan qaytayotgan migrantlarni 18 ta mamlakatga yuborish choralari ko‘rilmoqda
Jamiyat
−
06 aprel 2022 24093 2 daqiqa
Ukraina hududida Rossiya va Ukraina o‘rtasida davom etayotgan urush eng avvalo ikki mamlakat, qolaversa, butun dunyoga ta’sir ko‘rsatishni boshladi. Rossiya rublining qadrsizlanishi va valyuta ayirboshlash bilan bog‘liq muammolar Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Bu holat migrantlarning oylik maoshi, uyga jo‘natadigan mablag‘iga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.
O‘zbekistonda bugungi kunda Mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida 18 ta davlat bilan hukumatlararo va idoralararo bitim imzolash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu haqda kecha, 5 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari Afzal Irmatov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida Kanada, Fransiya, Latviya, Finlyandiya, Isroil, Bolgariya, Gretsiya, Italiya, Bahrayn, Belgiya, Qatar, Qozog‘iston, Quvayt, Malayziya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Polsha, Singapur kabi 18 ta davlat bilan hukumatlararo va idoralararo bitim imzolash imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, Bahrayn, Belgiya, Bolgariya, Gretsiya, Italiya, Isroil, Qatar, Qozog‘iston, Quvayt, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Singapur va Ozarbayjon davlatlarining vakolatli organlariga kiritilgan Hamkorlik bitimi loyihalari ushbu davlatlarning mas’ul idoralari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, Kanada, Latviya, Polsha, Finlyandiya va Fransiya davlatlarning ish beruvchilari bilan O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish bo‘yicha Hamkorlik shartnomalari imzolash ishlari davom ettirilmoqda.
Shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarni rivojlangan mamlakatlarga vaqtinchalik mehnat faoliyatiga yuborish maqsadida, Shveysariya, Germaniya, Slovakiya, Latviya, Litva, Bolgariya, Isroil, Polsha, Chexiya, Serbiya, Xorvatiya, Finlyandiya, Niderlandiya va Yaponiya kabi davlatlarning ishga joylashtirish sohasidagi vakolatli kompaniyalari bilan o‘zbekistonliklarni tashkiliy ishga joylashtirish bo‘yicha 30 dan ortiq hamkorlik shartnomalari imzolangan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning birinchi choragida 3 ming 522 nafar fuqaro xorijiy davlatlarda ishga joylashtirilgan. Shundan 2 ming 183 nafari Rossiya Federatsiyasiga, 44 nafari Qozog‘iston Respublikasiga, 1 ming 293 nafari Janubiy Koreyaga va boshqa davlatlarga ishlash uchun yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha shu mavzuda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini qurilishlarga jalb qilishni buyurgandi. Shuningdek, barcha hokimlarga qo‘shimcha 100 ming aholining rasmiy bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Live
Barchasi