Rossiyada tashlab ketilgan chaqaloq onasi bilan O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
26 dekabr 2025 6308 1 daqiqa
Rossiyada onasi tomonidan tashlab ketilgan yangi tug‘ilgan chaqaloq O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasiga Sverdlovsk shahridagi 1-shahar bolalar klinikasi vakillari O‘zbekiston fuqarosi X.S. o‘z bolasini tashlab qochib ketgani xususida murojaat qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ona avvalroq shifokorlarga juda zaif tug‘ilgan va maxsus vakuumga joylashtirilgan chaqalog‘idan voz kechishini aytgan. Oradan 3 kun o‘tganidan so‘ng u go‘dagini tashlab, o‘zi shifoxonadan chiqib ketgan.
Diplomatlar onani topib, u bilan bolani vatanga qaytarish zarurligi haqida profilaktik suhbat o‘tkazgan. Ular bolani ro‘yxatdan o‘tkazgan, ona va chaqaloqqa barcha zarur hujjatlarni bepul rasmiylashtirgan. Rossiyaning ushbu mintaqasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlar ko‘magida klinika tibbiy xizmatlari to‘lovi hal qilingan.
O‘zbekiston Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ona va bolaga “Yekaterinburg-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha chiptalar xarid qilinib, O‘zbekistonga qaytishi uchun reysga kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsulxonasi tomonidan Rossiyadagi huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda Yoqutiston – Saxa Respublika oilaviy tarbiyaga ko‘maklashish markazida yashayotgan 1 yoshli S.M. vatanga qaytarilgandi.
Live
Barchasi