Rossiyada migrantlarga bir nechta telefon raqamini ishlatish taqiqlanishi mumkin
Olam
−
25 may 2025 5324 2 daqiqa
Rossiya Davlat Dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilov xorijliklarning bir nechta abonent raqamiga ega bo‘lishini taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, migrantlarning bittadan ortiq bo‘lgan abonent raqamiga egalik qilishini cheklash zarurligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi mamlakatda xavfsizlik darajasini oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu milliy manfaatlarni himoya qilish va fuqarolar uchun xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga samarali javob berish, xorijiy fuqarolarning o‘zaro aloqalari ustidan nazoratni ta’minlash imkonini beradi.
Nilovning so‘zlariga ko‘ra, globallashuv va aholining harakatchanligi ortib borayotgan sharoitda xavfsizlik masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.
“Terrorizm, josuslik, firibgarlik, kibertahdidlar kuchayib borayotganini inobatga olib, mamlakatimizda chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning SIM-kartalarga egalik qilishini cheklash choralarini ko‘rish zarur. Qonunning amaldagi tahririda bu shaxslar 10 tagacha SIM-kartaga ega bo‘lishi mumkin, bu salmoqli ko‘rsatkich”, deydi deputat.
2025 yil 1 yanvardan boshlab xorijliklarning o‘z nomiga 10 dan ortiq abonent raqamini ro‘yxatdan o‘tkazishiga taqiq kuchga kirdi. Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar aloqa operatorlari bilan faqat shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatgan holda va biometrik ma’lumotlardan majburiy foydalangan holda idoralarga shaxsan kelib, shartnomalar tuzishlari mumkin.
Rossiyaliklar uchun yangi qoidalar 2025 yil 1 apreldan kuchga kirgan va ularga 20 tadan ko‘p bo‘lmagan SIM-kartaga ega bo‘lishga ruxsat etiladi. Rossiya Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy axborot vositalari vazirligiga ko‘ra, aloqa operatorlari xizmatlar ko‘rsatishdan oldin, shu qatorda Yagona identifikatsiya va autentifikatsiya tizimi (USIA) va Yagona biometrik tizimdan (UBS) foydalangan holda abonentlar haqidagi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda telefon raqamlarini faqatgina hukumat portali orqali berish tizimini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Mamlakatning Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmika sanoati vazirining o‘rinbosari Asxat Orazbekning so‘zlariga ko‘ra, ushbu chora telefon firibgarligiga qarshi kurashish maqsadida amalga oshiriladi. Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi yaqin orada tegishli qonunchilik tashabbusini taqdim etadi.
Live
Barchasi