Rossiyada Kurskka borgan CNN jurnalistiga jinoiy ish ochildi

Olam

image

CNN jurnalisti Nik Peyton Uolsh va Kursk viloyatidagi Sudja tumanida materiallarni suratga olgan bir qator ukrainalik muxbirlarga qarshi Rossiyada jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Federal xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ish chegarani noqonuniy kesib o‘tish moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan. Razvedka xizmatiga ko‘ra, xorijlik muxbirlar noqonuniy suratga olish ishlarini olib borgan. Ular besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Gap Uolshdan tashqari, “Hromadske” muxbirlari Oles Borovik va Diana Butsko haqida ketmoqda.
FXXga ko‘ra, jurnalistlar xalqaro qidiruvga beriladi.

“Nik Uolsh Kursk viloyatidagi Ukraina harbiylari nazorati ostida bo‘lgan Rossiya nazorat-o‘tkazish punktiga borgan. Borovik va Butsko esa shaharning o‘ziga kirgan”, deb yozdi RBK.

Shuningdek, FXX Sudjada ishlagan italiyalik RAI jurnalistlari Simoni Treyni va Stefani Battistiniga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Keyinroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu voqealar munosabati bilan Italiya elchisiga norozilik bildirdi. TIVning ta’kidlashicha, jurnalistlar Rossiya qonunchiligi va "jurnalist etikasining elementar qoidalari"ni buzgan. Keyinchalik RAI teleradiokompaniyasi jurnalistlarni "xavfsizligi va shaxsiy himoyasini kafolatlash" uchun Italiyaga chaqirdi.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ham huquq-tartibot idoralari Amerikaning “The Washington Post” gazetasi jurnalistlarining Sudjadagi xatti-harakatlarini o‘rganayotganini aytdi. Ushbu nashr jurnalistlari 17 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari xodimlari hamrohligida shaharga borgan.

Ukraina armiyasi 6 avgust kuni Rossiyaning Kursk viloyati hududiga kirdi. O‘sha kundan beri mintaqada janglar davom etmoqda. Ukraina Qurolli kuchlari o‘nlab aholi punktlari, jumladan, tuman markazi Sudja ustidan nazorat o‘rnatganini da’vo qilmoqda. Rossiya rasmiylari bunday ma’lumotlarni yo rad etadi yoki izoh bermaydi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi G‘arb davlatlaridan borgan jurnalistlarning Kursk viloyatiga noqonuniy kirishi bilan bog‘liq har bir holat alohida ko‘rib chiqilishi va bu barcha mamlakatlar jurnalistlariga tegishli ekani haqida ogohlantirgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Kursk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing