Rossiyada Qur’onni yoqib yuborgan yigit yana bir ayblov bilan qamaldi (video)

Olam

image

Rossiyaning Volgograd viloyat sudi ilgari Qur’onni yoqib yuborganlikda ayblangan 20 yoshli vologdalik talaba Nikita Juravelni “vatanga xiyonat” ishi bo‘yicha hukm qildi va jinoyatlar yig‘indisidan kelib chiqib, uni salkam 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda kecha, 25 noyabr kuni Volgograd viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rossiya Jinoyat kodeksining 275-moddasi (Davlatga xiyonat) bilan ayblanib, Juravel 13 yil-u 6 oyga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilingan. Shuningdek, unga diniy marosimlar o‘tkaziladigan joylarda dindorlarning his-tuyg‘ularini ommaviy haqorat qilish va oldindan til biriktirib, bir guruh shaxslar bilan bezorilik sodir etish bo‘yicha ham ayblovlar qo‘yilgan.

Sud majlisida Juravel o‘z aybiga iqror bo‘lgan. Yigit Qur’onni yoqib yuborgani uchun uzr so‘ragan, lekin xiyonat aybidan farqli o‘laroq, bezorilik bo‘yicha ayblovni tan olmagan. Oktyabr oyida sud Juravelga xiyonat ishi bo‘yicha ayblov xulosasini tasdiqlagandi.

Ma’lumot uchun, Juravel 2023 yil 4 may kuni Volgograddagi sobor masjidi yonida Qur’onni yoqib yuborgan. Buni u Ukraina Qurolli kuchlarining Axborot va psixologik operatsiyalar markazi nazorati ostidagi veb-saytda ulashgan. 20 may kuni esa Tergov qo‘mitasi Juravelning hibsga olinganini e’lon qilgan.

Rossiya Adliya vaziri Konstantin Chuychenko 21 may kuni Juravelni jazo muddatini asosan musulmonlar yashaydigan mintaqaga o‘tash uchun yuborishni to‘g‘ri deb bilishini aytgan.

Qur’onning yoqib yuborilishi Chechenistonda katta norozilikka sabab bo‘lgan. Grozniyda ko‘p ming kishilik miting bo‘lib o‘tdi va respublika rahbari Ramzan Qodirov Juravelning sodir etgan qilmishini dahshatli ish deb atadi. Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinning qarori bilan Juravelga qarshi jinoiy ish Chechenistondagi tergovchilarga o‘tkazildi. Grozniy masjidlarining jami 13 nafar imom-xatibi ishda jabrlanuvchi sifatida tan olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Grozniy shahar sudi volgogradlik Nikita Juravelni Qur’onni yoqib yuborganlikda ayblab, umumiy rejim koloniyasida 3,5 yilga hukm qilgandi. Sudlanuvchi o‘z aybini qisman tan olgandi va jazoni haqli deb atagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat Rossiya Volgograd viloyat sudi Nikita Juravel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing