Rossiyada inqiroz, O‘zbekistonda qimmatlashuv: benzin “ocharchiligi” qanday boshlandi?
Tahlil
−
06 iyul 6380 10 daqiqa
Yer osti boyliklari va ulkan energiya resurslari bilan dunyo bozorini nazorat qilib kelgan Rossiya bugun kutilmagan va paradoksal inqiroz qarshisida turibdi. Odatda energiya eksportyorlari yetakchisi sifatida ko‘riladigan ushbu mamlakatning yirik shaharlari, xususan, Moskva ko‘chalaridagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida kilometrlarga cho‘zilgan navbatlar paydo bo‘ldi. Kreml o‘z armiyasini va ichki bozorini yonilg‘i bilan ta’minlash uchun endi qo‘shni davlatlardan benzin sotib olish bo‘yicha yashirin muzokaralar o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Putin boshchiligidagi davlatda kuzatilayotgan yonilg‘i muammosi Markaziy Osiyoga ham ta’sir qilyapti. O‘zbekistonda AI-92 markali benzin rekord darajada qimmatladi. Qirg‘iziston boshqa davlatlardan yordam so‘rayapti. Qozog‘istonda fuqarolar chegaradan benzinni olib chiqib ketishga urinyapti. Bugun biz Rossiya iqtisodiyotining yuragi hisoblangan neftni qayta ishlash sanoatidagi jiddiy inqiroz, uning asl sabablari, raqamlar va bu voqeaning dunyo sahnasidagi aks sadosi haqida atroflicha gaplashamiz.
Dunyoning eng yirik neft davlati qanday qilib yonilg‘isiz qolmoqda?
Rossiya ichki yonilg‘i bozoridagi dastlabki silkinishlar o‘tgan yilning oxirida sezila boshlagan bo‘lsa-da, haqiqiy tizimli inqiroz joriy yilning aprel-may oylarida o‘zining yuqori nuqtasiga chiqdi va iyun oyiga kelib halokatli tus oldi. Sabablar esa aniq. Joriy yilning 3, 6, 8, 15, 21 va 22 iyunga o‘tar kechalari Rossiya uchun og‘ir sinov bo‘ldi. Bu kunlarda Ukraina tomonidan yuzlab dronlar mamlakatga uchirildi. Moskva va bir qator viloyatlarda hatto aeroportlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Ukrainaning dron kampaniyasi Rossiyaning eng hayotiy va strategik tarmog‘i – neftni qayta ishlash sanoatiga nihoyatda og‘ir texnik hamda iqtisodiy zarbalarni berib kelmoqda. Qilingan ketma-ket hujumlar oqibatida bugungi kunda mamlakatning eng yirik va markaziy zavodlari falaj holatga tushib qolgan. Zarbalar nishoniga aylangan nuqtalar orasida poytaxtni yonilg‘i bilan ta’minlovchi yagona manba – Moskvaning Kapotnya neftni qayta izlash zavodi, mamlakatning Top-5 taligiga kiruvchi Ryazan zavodi, “Lukoyl” kompaniyasiga qarashli Norsi majmuasi, shuningdek, yana o‘nlab strategik zavodlar bor. Ushbu hujumlarning asosiy taktikasi zavodlarning yuragi hisoblangan birlamchi neft haydash minoralari va xom neftdan yuqori sifatli benzin hamda dizel olish jarayonini boshqaradigan qurilmalarini yo‘q qilishga qaratilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida Rossiyani ulkan talafotlar bilan “siyladi”.
Tushunishingiz uchun, boshlanganiga 4 yildan oshgan urush davomida Rossiya umumiy neftni qayta ishlash quvvatining 13 foizdan 15 foizgacha bo‘lgan qismini yo‘qotgan edi. Birgina iyun oyidagi eng og‘ir va ketma-ket hujumlar davrida esa bu ko‘rsatkich 24–28 foizgacha chuqurlashib (ko‘tarilib) ketdi.
Bugun Rossiya zavodlari kuniga o‘rtacha 85 ming tonna benzin ishlab chiqarayotgan bir paytda, yozgi eng yuqori talab mavsumida mamlakat iqtisodiyotiga kuniga kamida 110 ming tonna yonilg‘i zarur bo‘lmoqda. Natijada har kuni 25 ming tonnalik tizimli taqchillik yuzaga kelmoqda. Bu esa zanjir reaksiyasi sifatida narxlarning keskin sakrashiga olib keldi.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyining oxirgi haftasida benzin narxi 1,6 foizga, dizel esa 2,2 foizga oshdi. Bu oxirgi yirma yildagi eng yuqori haftalik o‘sishdir. Hozirda AI-95 benzini o‘rtacha 74 rubl, AI-98 esa 97 rubldan sotilayotgan bo‘lsa, Qrim va Sevastopol kabi muammoli hududlarda narxlar birdaniga 30 foizdan ziyodroqqa qimmatlashgan. Bugungi kunda Rossiyaning 83 ta ma’muriy hududidan yarmida fuqarolar yonilg‘i taqchilligiga duch kelgan va yonilg‘i quyish shoxobchalarida cheklovlar e’lon qilingan. “Lukoyl”, “Gazprom neft” va “Rosneft” kabi gigantlarning shoxobchalarida bitta mashinaga 30 litrgacha limitlar o‘rnatilib, kanistrlarga benzin quyish taqiqlangan, xususiy tarmoqlarda esa yonilg‘i umuman tugagan.
Xo‘sh, bu inqirozning tub ildizida nima turibdi? Faqat Ukrainami? Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, muammo faqat bitta omilga bog‘liq emas, balki bir nechta strategik inqirozlarning to‘qnashuvi natijasidir. Birinchi va eng asosiy ob’ektiv sabab – Ukrainaning Rossiya energetika infratuzilmasiga qarshi boshlagan keng ko‘lamli dron kampaniyasidir. Joriy yil boshidan beri Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga 194 martadan ortiq dron hujumlari uyushtirildi va faqatgina may oyining o‘zida 16 ta yirik zavod muvaffaqiyatli nishonga olindi. Biroq zavodlarning dronlardan zarar ko‘rishi muammoning yarmi, xolos. Ikkinchi va eng og‘ir tomoni – ularni ta’mirlashning imkonsizligidir. G‘arb sanksiyalari tufayli Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarining yuqori texnologik qurilmalariga ehtiyot qismlar olib kelish to‘xtagan. Shu sababli oddiy nosozliklarni tuzatish ham oylab vaqt talab qilmoqda.
Vaziyat shu darajaga yetdiki, hukumat mamlakatda yonilg‘i sifat standartlarini pasaytirishga majbur bo‘ldi va tarkibida oltingugurt miqdori ko‘p bo‘lgan, ekologiyaga jiddiy ziyon beradigan, past sifatli Euro-3 benzinini sotishga qonunan ruxsat berdi.
Ayni shu murakkab vaziyatda Yaqin Sharq geosiyosati, xususan, Eron omili inqirozni yanada chuqurlashtirib yubordi. Bahor oylarida Yaqin Sharqdagi urush fonida Eron tomonidan dunyo neft savdosining beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozining yopib qo‘yilishi global bozorda “Brent” markali neft narxini 120 dollardan oshirib yubordi. Bu esa mutlaqo kutilmagan paradoksni keltirib chiqardi.
Jahon bozorida xom neft narxi astronomik darajada ko‘tarilgach, Rossiya kompaniyalari o‘z xom ashyosini ichqarida qayta ishlab, arzon narxda sotgandan ko‘ra, uni sanksiyalarni aylanib o‘tuvchi “soya floti” tankerlari orqali Xitoy va Hindistonga xom ashyo ko‘rinishida eksport qilishni afzal ko‘rdi. Ya’ni, Hormuz inqirozi Rossiyaning valyuta tushumini oshirgan bo‘lsa-da, ichki bozorini yonilg‘isiz qoldirdi va bor resurslarini eksportga yo‘naltirib yubordi.
Bunday keskin vaziyatga Rossiya rasmiylari, aholisi va dunyo hamjamiyati turlicha munosabat bildirmoqda. Rossiya hukumati vaziyatni nazorat ostida ekanini aytib, narxlar oshishida xususiy korxonalarni ayblamoqda. Inqirozni jilovlash maqsadida benzin va dizel eksportiga vaqtinchalik cheklovlar joriy yilning iyul oyi oxirigacha uzaytirildi. Shu bilan birga, davlat statistika idorasi yonilg‘i narxlari bo‘yicha ochiq hisobotlarni filtrlash va yashirishga o‘tdi. Tabiiyki, aholi buni jiddiy tashvish bilan qabul qilmoqda.
Inqiroz Rossiya osmoniga ham ko‘chdi. Benzin va dizel ortidan mamlakat fuqaro aviatsiyasi ham halokatli kerosin taqchilligiga duch kelmoqda. Vaziyat shu darajaga yetdiki, Rossiyaning bir nechta eng yirik aeroportlarida samolyotlarga yonilg‘i quyish bilan bog‘liq keskin cheklovlar o‘rnatildi – aviakompaniyalar parvozlarni to‘xtatib qo‘ymaslik uchun kurashmoqda.
Ulgurji bozordagi raqamlar esa, dahshatli. Aviakerosin narxi tarixiy eng yuqori nuqtaga chiqib, bir tonnasi 113 ming rublga (taxminan 1,2 ming dollar) yetdi! Bu bor-yo‘g‘i mart oyining boshiga nisbatan naqd 52 foizlik sakrash! Bunday narx ko‘tarilishi sharoitida aviatashuvlar tizimi falajlanish arafasida turibdi.
Rossiya Energetika vazirligi favqulodda yig‘ilish o‘tkazishga majbur bo‘ldi. “Yong‘inni o‘chirish” rejimida ishlayotgan rasmiylar kerosinsiz qolgan eng og‘ir hududlarga mamlakatning boshqa nuqtalaridan zudlik bilan yonilg‘i tashish choralarini ko‘rdi. Kreml ichki bozordagi halokatning oldini olish uchun oxirgi choraga qo‘l urdi. 2026 yilning 30 noyabriga qadar aviakerosin eksporti butunlay taqiqlandi. Ammo bu vaqtinchalik “blokirovka” rossiyalik aviatorlarni chuqur tizimli tanazzuldan qutqara oladimi? Bu – katta so‘roq ostida.
AQSHning dunyoga mashhur va nufuzli jamoatchilik fikrini o‘rganish instituti – “Gallup” tadqiqot xizmati tomonidan 2026 yilning mart–may oylarida Rossiya fuqarolari orasida o‘tkazgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, rossiyaliklarning 56 foizi hayot darajasi yomonlashganini aytgan va bu urush boshlanganidan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir. Benzin muammosi yuk tashish, logistika va oziq-ovqat narxlarining 3–6 baravargacha qimmatlashishiga sabab bo‘ldi. Xalqaro OAV va yetakchi tahlil markazlari esa ushbu holatni Rossiya energetika ittifoqining ichki qulashi deb atamoqda. Ekspertlarning fikricha, Ukrainaning “iqtisodiy bo‘g‘ish” strategiyasi ish beryapti. Rossiya neft eksport qilib milliardlab dollar topishi mumkin, lekin o‘z traktorlari, tanklari va transportini yonilg‘i bilan ta’minlay olmasa, bu front ortida tizimli parokandalikni keltirib chiqarishi aniq.
Rossiya ichki bozordagi yonilg‘i taqchilligi sababli Qozog‘iston bilan taxminan 50 ming tonna hajmdagi AI-92 avtobenzinini import qilish imkoniyati bo‘yicha yashirin muzokaralar olib borayotgani haqida “Reuters” xabar berdi. Nashr bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya neftini Qozog‘istonning neftni qayta ishlash zavodlaridan biriga tolling shartlari asosida yetkazib berish varianti muhokama qilinmoqda. “Tolling shartlari nima?” degan savolga ham javob beraman. Sodda qilib aytganda, bir tomon ikkinchi tomonga xom ashyo beradi, ikkinchi tomon esa uni qayta ishlab, tayyor mahsulot holatida egasiga qaytaradi. Buning evaziga qayta ishlovchi tomon faqat qilgan xizmati uchun haq oladi.
“Reuters” nashri Rossiya Hindistondan benzin olishni boshlagani haqida ham ma’lum qildi. Nashr keltirgan bir manbaga ko‘ra, Moskvaga 60 ming tonna avtomobil benzini yuborilgan. Boshqa bir manba esa har birida 30–40 ming tonnadan yuk bo‘lgan ikkita tanker yo‘lga chiqqanini ma’lum qilgan. Rossiya tomoni esa bu haqda hozircha hech narsani ochiqlamagan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Rossiya hukumati yaqin oylarda inqirozdan chiqish uchun murakkab ssenariylarga tayanmoqda. Hozirda o‘z neftini Hindistonga sotib, u yerda qayta ishlangan tayyor benzinni aylanma yo‘llar bilan qaytadan import qilish kabi murakkab va qimmat logistik zanjirlar qurilmoqda, shuningdek, Belarus va Qozog‘istondan yonilg‘i sotib olish hajmi maksimal darajaga chiqarilmoqda. Biroq, bu choralar faqat vaqtinchalik yechimdir. Agar havo hujumidan mudofaa tizimlari neft zavodlarini dronlardan samarali himoya qila olmasa va g‘arb texnologiyalariga muqobil yechim topilmasa, yaqin oylarda Rossiya iqtisodiyoti yanada og‘ir yonilg‘i ocharchiligiga duch kelishi muqarrar.
Rossiyadagi inqirozning Markaziy Osiyoga ta’siri
Bu inqiroz Markaziy Osiyo iqtisodiyoti Rossiya neft mahsulotlariga hali ham yuqori darajada bog‘liqligini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Masalan, Qirg‘iziston benzin va dizelning 90 foizdan ortig‘ini Rossiyadan oladi. Biroq o‘zi ham muammo girdobida turgan rossiyaliklar Qirg‘izistonga benzin yetkazib berishga u qadar shoshilmasliklari aniq. Shu bois Qirg‘iziston O‘zbekiston va yana bir qator davlatlardan yordam so‘radi.
“Qirg‘iziston Respublikasi yonilg‘i-moylash mahsulotlarining asosiy qismini import qiladi. Shu munosabat bilan jahon energetika bozoridagi o‘zgarishlar, jumladan, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik, xalqaro logistikadagi xavf-xatarlar va jahonda neft narxining oshishi, boshqa ko‘plab davlatlar bozorlari qatori, mamlakat ichki bozoriga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Yonilg‘ining barqaror yetkazib berilishini saqlab qolish maqsadida Vazirlar Mahkamasi va Energetika vazirligi Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkmanistonning sohaviy davlat organlariga rasmiy murojaatlar yo‘lladi”, deya qayd etgan Qirg‘iziston Energetika vazirligi.
Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining aksariyati juda ishbilarmon. Ayniqsa muammoli vaziyatlarda har narsani chetga surib, pul ishlab qolish dardida yashaydiganlar tez-tez paydo bo‘ladi bu davlatlarda. Misol uchun Qozog‘istonda mamlakatdan yonilg‘i olib chiqib ketishga bo‘lgan urinishlar soni ortdi. Joriy yilning 5 iyul kuni Moliya vaziri o‘rinbosari Yerjan Bijanov yonilg‘i bozoridagi vaziyatga bag‘ishlangan hukumat yig‘ilishida so‘nggi ikki sutka ichida Qozog‘iston chegarasida respublikadan yonilg‘i-moylash materiallarini olib chiqib ketishga bo‘lgan 61 ta urinishning oldi olingani haqida axborot berdi.
“Mobil guruhlar chegaraoldi trassalarida tun-u kun patrullik qilmoqda hamda benzin tashuvchi va avtotsisternalarni tekshirmoqda. Avtomobillardagi qo‘shimcha baklar va kanistralarda jami 3 tonnadan ortiq yonilg‘i aniqlangan. Shuningdek, davlat organlari 62 ta avtoyonilg‘i quyish shoxobchasi va 22 ta kichik neftni qayta ishlash zavodi faoliyatini tekshirib, ularda xizmat ko‘rsatish hajmining anomal darajada o‘sishini aniqlagan” deydi u.
Ichki ishlar vaziri Yerjan Sadenovning ma’lum qilishicha, yil boshidan buyon umumiy hajmi 40 ming litrdan ortiq bo‘lgan neft mahsulotlarini noqonuniy olib chiqib ketishga bo‘lgan 593 ta urinish bartaraf etilgan.
Rossiyadagi eksportga cheklovning O‘zbekistonga ta’siri
O‘zbekiston avtomobil yonilg‘isi bozorida ham vaziyat o‘zgardi. “Zapravka”larda AI-92 markali benzin narxi tarixiy maksimumga yetdi. 29 iyun kungi birjadagi savdolar yakuniga ko‘ra, AI-92 benzinining bir tonnasi 13 million 919 ming so‘mdan sotilgan. Bu avvalgi savdolarga nisbatan yana 1,1 foizlik o‘sishdir.
Vaziyatni yanada yaxshiroq tushunish uchun iyun oyidagi raqamlar o‘sishini ko‘rib chiqamiz. Iyun oyi boshidan buyon ushbu yonilg‘i turi tonna hisobidan naqd 1 million 473 ming so‘mga (qariyb 11,8 foizga) qimmatlashgan! Narxlar anomal darajada tez sakrashi asosan oyning birinchi yarmiga to‘g‘ri keldi. Masalan, 4 iyun kuni bir tonna benzin 12 mln 476 ming so‘m bo‘lib turgan bo‘lsa, bor-yo‘g‘i to‘rt kun ichida o‘sib, 8 iyunda birdaniga 10,5 foizga ko‘tarildi va 13 mln 788 ming so‘mga yetdi. Keyingi ikki haftalikda kuzatilgan “suv quygandek sokinlik”dan keyin, 29 iyunda narxlar yana yuqorilab, rekordni yangiladi.
Birja ma’lumotlarida narx oshishi bilan bir vaqtda yonilg‘i taklifi keskin qisqarganini ham ko‘rish mumkin. 1 iyun kuni savdolarga 3 791 tonna benzin chiqarilgan bo‘lsa, 23 iyunga kelib bu ko‘rsatkich deyarli ikki barobarga kamayib, atigi 1 898 tonnani tashkil etgan. Eng qizig‘i, 29 iyun kuni, ya’ni AI-92 rekord darajada qimmatlagan paytda birjada taklif hajmi 3 123 tonnagacha qayta tiklangan bo‘lsa-da, bozor bu “kengchilik”ka parvo ham qilmadi. Narxlar baribir pasaymadi. Tabiiy savol tug‘iladi: mutasaddi tashkilotlar ushbu “benzin jazavasi”ni jilovlash uchun qanday amaliy choralar ko‘ryapti? Buni ular rasmiy ma’lumot berganida yoki AYOQSHlardagi tablolarda narx o‘zgargandagina bilishimiz mumkin!
Live
Barchasi