Rossiya yana Odessaga yirik dron hujumi uyushtirdi
Olam
−
03 iyul 2025 3698 1 daqiqa
Bugun, 3 iyul kuni Rossiya armiyasi Ukrainaning Odessa shahriga dronlar bilan yirik hujum uyushtirdi. Hujum oqibatida 4 kishi vafot etdi. Bu haqda Ukraina Davlat Favqulodda vaziyatlar xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, dronlardan biri 9 qavatli turarjoy binosiga urilgan. Oqibatda 7-qavatdan 9-qavatgacha bo‘lgan xonadonlarni qamrab olgan yong‘in yuz bergan, 7 yoshli bola va 9 yoshli qiz jarohatlangan. 50 nafar kishi binodan evakuatsiya qilingan.
“Tutundan zaharlangan bolalar shifoxonaga yotqizildi. Boshqa jabrlanganlarga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi. Ular ambulator sharoitda davolanishni davom ettirmoqda”, deydi Odessa viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper.
Qayd etish joiz, Rossiya qo‘shinlari muntazam ravishda Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmalariga zarba bermoqda. Masalan, joriy yilning 17 iyuniga o‘tar kechasi Rossiya Kiyevning turli hududlaridagi o‘nlab binolar va boshqa ob’ektlarga, jumladan, turarjoy binolari, ta’lim muassasalari va muhim infratuzilma ob’ektlariga hujum qilgandi. Raketalardan biri Solomenskiy tumanidagi to‘qqiz qavatli turarjoy binosiga tegib, butun kirish eshigi qulab tushgan. Vayronalar ostidan 21 kishining jasadi chiqarilgan. 18 iyun Kiyevda motam kuni deb e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 28 iyun tongida Rossiya qo‘shinlari Odessa shahriga dronlar yordamida hujum uyushtirgan, oqibatda er-xotin halok bo‘lgandi. “Financial Times” esa NATO Odessa Rossiya tomonidan egallanishidan cho‘chiyotganini xabar qilgan edi.
Dilshod Hakimov