Rossiya va Turkmaniston soddalashtirilgan bojxona koridorini tashkil etmoqchi

Olam

image

Rossiya va Turkmaniston soddalashtirilgan bojxona koridorini tashkil etish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. Bu haqda Rossiya Federal bojxona xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu qaror tovarlar va transport vositalarini olib o‘tish bo‘yicha ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtiradi. Tegishli kelishuv 13 oktyabr kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan hukumatlararo komissiya yig‘ilishida ikki davlat bojxona organlari vakillari tomonidan imzolangan. Yig‘ilishda delegatsiyalarga Rossiyadan Bosh vazir o‘rinbosarlari Marat Xusnullin va Turkmanistondan Nokerguli Otaguliyev boshchilik qildi.

Tadbir doirasida bojxona xodimlari Rossiya Federal bojxona xizmati rahbari o‘rinbosari Sergey Shklyayev bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar deklaratsiyaning soddalashtirilgan tartibi mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, ikki davlat bojxona organlari oldiga qo‘yilgan vazifalarni yanada samarali hal etish hamda ularning yaqin hamkorligini ta’minlash imkonini beruvchi vakillar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shklyayev va uning turkmanistonlik mavqedoshi, shuningdek, vakolatli iqtisodiy operator to‘g‘risidagi bitim loyihasini hamda tovarlar va transport bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar almashinuvi to‘g‘risidagi protokolni imzolashga tayyorgarlikning borishini muhokama qildi.

Ta’kidlanishicha, Federal bojxona xizmati tomonidan belgilab qo‘yilgan ushbu hujjatlar nafaqat bojxona qonunchiligini buzish xavfini kamaytirish va nazorat samaradorligini oshirish, balki savdo operatsiyalarini amalga oshirishda korxonalarning moliyaviy va vaqt xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

“Trans.ru” nashrining yozishicha, ayni paytda Turkmaniston Rossiya uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanadi, chunki “Shimol-Janub” xalqaro transport koridorining sharqiy tarmog‘i Markaziy Osiyo respublikasi hududidan o‘tadi. Bu marshrut Rossiya kompaniyalariga Eron portlari orqali dengizga qo‘shimcha chiqish imkoniyatini beradi, bu esa sanksiyalar cheklovlari sharoitida savdo oqimini Yaqin Sharq va Afrika bozorlariga yo‘naltirish imkonini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo Rossiya-Turkmaniston Marat Xusnullin bojxona koridori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing