Rossiya va Xitoy yashirincha yadroviy qurol sinovlarini o‘tkazyapti – Tramp

Olam

image

Bir qator davlatlar, jumladan Rossiya va Xitoy, jamoatchilikka ma’lum etmasdan yer ostida yadroviy qurol sinovlarini o‘tkazmoqda. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp bayonot berdi va shunday sinovlarni AQSH ham qayta boshlashini ma’lum qildi.

“Rossiya sinovlar o‘tkazmoqda, Xitoy ham shunday qilmoqda, lekin ular bu haqda gapirmaydi. Men yadroviy qurolni sinovdan o‘tkazmagan yagona davlat bo‘lishni xohlamayman”, dedi Tramp kecha, 2 noyabr kuni CBS News telekanalining “60 Minutes” dasturiga bergan intervyusida. 

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya va Pokiston ham shunday tajribalarni amalga oshirmoqda.

Prezidentdan bu so‘zlar AQSH 30 yildan ortiq tanaffusdan so‘ng qaytadan yadroviy zaryadlarni portlatishni boshlashini anglatadimi, deb so‘ralganda, u shunday javob berdi:

“Men aytmoqchimanki, biz ham boshqa davlatlar kabi yadroviy qurolni sinovdan o‘tkazamiz”.

Shimoliy Koreyani hisobga olmaganda, hech bir yadroviy derjava oxirgi o‘n yilliklarda to‘liq hajmdagi yadroviy sinov o‘tkazmagan. Biroq Trampning ta’kidlashicha, bunday sinovlar maxfiy tarzda amalga oshirilmoqda.

“Ular sizga bu haqda gapirmaydi. Ular sinovlarni yer ostida, juda chuqurda o‘tkazadi, shunda odamlar nima bo‘layotganini bilmaydi. Faqat ozgina tebranishni his qilasiz”, dedi u.

Tramp yadroviy qurol sinovlarini qayta boshlash haqidagi qarorini 29 oktyabrda e’lon qilgan, ammo hukumat hali ham bu portlatish bilan bog‘liqmi-yo‘qmi degan savolga aniq javob bermagan.

2 noyabr kuni “Fox News” telekanalining “The Sunday Briefing” dasturida AQSH Energetika vaziri Kris Rayt izoh berdi. Uning aytishicha, hozircha sinovlar atom bombalarini portlatish bilan bog‘liq bo‘lmaydi, balki subkritik deb ataluvchi tajribalar haqida gap ketmoqda.

“Bu turdagi sinovlar yadroviy qurolning barcha boshqa tarkibiy qismlarini qamrab oladi va ularning ishlash qobiliyati hamda potensial detonatsiyaga tayyorligini tekshirishga xizmat qiladi”, dedi vazir.

AQSH 1992 yildan beri to‘liq yadroviy qurol sinovlarini amalga oshirmagan. Vashington 1996 yildagi Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan, ammo ratifikatsiya qilmagan. Shundan beri AQSH Nevada poligonida subkritik yer osti sinovlarini o‘tkazib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Xitoy yadroviy qurol

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing