Rossiya o‘zbeklarni o‘lim zonasiga yubormoqda – Rossiyaga bormang!

Tahlil

Bugun Rossiyaning turli hududlarida O‘zbekistondan mehnat muhojiri sifatida borgan yosh yigitlarini g‘ayriinsoniy va chirkin usullar bilan Ukrainadagi bosqinga majburan olib ketish avjiga chiqqanligi ko‘pchilikka ma’lum. Ha, faqat ko‘pchilikka. Hammaga emas. Hozircha bunday kulfat boshiga tushmaganlar “hujjatlar to‘liq bo‘lsa, Rossiyada yurish-turish qoidalariga rioya etilsa, noqonuniy xatti-harakatlar qilinmasa, hech kim sizga tegmaydi” degan xomxayollar bilan o‘zini aldamoqda.

Rossiyaning Ukrainaga jinoiy bosqini boshlangandan to bugungacha shu bosqinga majburan turli tuxmat va noqonuniy yo‘llar bilan olib ketilib, so‘ng, jasadi temir tobutlarda ayanchli tarzda qaytarib yuborilgan navqiron yoshlarning aksariyatida hujjatlar to‘la-to‘kis bo‘lgan. Ishonavering, bugun Rossiya ishlash uchun tanlanadigan variant emas. “Rossiyaga bormang” deb nomlangan seriyali videomateriallarimiz to‘xtamayotganining boisi ham shu. Hozirda shu jirkanch usullar bilan bosqinga majburan olib ketilgan, vaqt o‘tib bolasining o‘ligini qabul qilib olgan va farzand dog‘ida qolgan onaizor va sho‘rlik otalarning g‘am-anduhi tarmoqlarni larzaga solmoqda.

Biz bundan bir necha hafta oldin yoritgan surxondaryolik yigitning ayanchli ahvoli ham shular jumlasidandir. Afsuski, u hali-hanuz front yoqasidan qaytarilgani yo‘q. Aksariyat idoralar holatdan o‘zlarini huddi bexabardek tutmoqda. Tashqi ishlar vazirligi esa juda chuqur sukutga cho‘mgan. Achinarlisi, yigit o‘z jonini saqlab qolish va o‘ziga umuman taalluqli bo‘lmagan bosqinchilik urushida qatnashmaslik uchun qo‘lidan kelgan barcha harakatlarni jumladan, qochish, buyruqlarni bajarmaslikka harakat qilib kelmoqda. Eng alam qilarli joyi esa shundaki, uni hozir qutqarish imkoni bor. Bizga ma’lum bo‘lishicha, TIV masalani hal qilish choralarini ko‘rmoqda. Yigitning onasi esa deyarli har kuni vazirlik binosida.

Biz esa shunchaki, Rossiyaga bormang, deyishdan narigiga o‘ta olmaymiz. “O‘zimizda ish bo‘lmasa, nima qilamiz, yoki o‘zimizda ish bilan ta’minlab berilganda u yoqlarga ketmasdik, o‘tirib gapirish oson” degan nafratli gaplarning esa hozir mavridi emas. Gap jon, hayot va sog‘liq haqida ketmoqda. Agar bu muhim unsurlar sizga kerak bo‘lmasa, marhamat, har lahzada va istalgan paytda nima qilib bo‘lsa-da, bosqinchi armiyaga qo‘shib olishga qaratilgan iflos usullar qurboniga aylanishingiz mumkin bo‘lgan mamlakat sizni kutmoqda. Chegaralari ochiq, ammo qaytish kafolatlanmagan. Rossiyaga bormang! Shu yerda qoling, yoki tinch hamda normal siyosiy va ijtimoiy muhit mavjud bo‘lgan davlatlarga boring. Til barerini ro‘kach qilayotgan bo‘lsangiz, siz allaqachon olov bilan o‘ynashyapsiz.

Chunki bilamiz, til bilmasdan, faqat Rossiyada ishlay olish mumkin. Lekin Rossiyaning til bilmaydigan muhojirlar uchun qulayligi, bugun o‘lim xavfiga aylangan. Chunki quyida so‘z yuritiladigan ayaanchli voqea, aynan til bilmaslik ortidan sodir bo‘lgan deyishimiz mumkin. QALAMPIR.UZ’ning “Rossiya bormang” rukni davom etadi.

Yigit hali tirik, ona sarson, TIV harakatda

Avvalroq, QALAMPIR.UZʼga qilingan murojaat bo‘yicha tarmoqlardagi sahifalarda 23 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Qurbonov Akbar Akramjon o‘g‘lining Rossiya tomonidan aldab bosqinga jalb qilingani haqida videomaterial e’lon qilingan edi. Rossiya tomonidan bosqinga aldab jalb qilingan 23 yoshli mazkur surxondaryolik yigitning onasi esa ayni damda davlat idoralari eshigidan jilmay, ulardan natija kutmoqda. Ushbu muammo hozircha o‘z yechimi topmadi. TIV matbuot kotibi esa so‘nggi bor QALAMPIR.UZ’ga bu borada ishlar olib borilayotgani ammo tafsilotlarni ochiqlay olmasligini ma’lum qilgandi. Og‘ir ahvolda qolgan o‘g‘lini qutqarish ilinjida rasmiylarga murojaat qilishda davom etayotgan Boboyeva ham vazirlik mazkur ish bilan faol tarzda shug‘ullanayotganini aytdi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, u deyarli har kuni vazirlik binosida.

Ayni damda esa 23 yoshli Akbar onasi bilan yon-atrofidagi boshqa shaxslarning telefoni orqali tez-tez aloqaga chiqib turibdi. Boboyeva QALAMPIR.UZʼga o‘g‘li hozir saqlanayotgan nuqtaning geolokatsiyasini yubordi. Ushbu geolokatsiya orqali Akbar bugungi kunda Luganskdagi Yurevka va Kamisheva hududlari orasida ekanini ko‘rish mumkin. Ammo xavotirlisi shundaki, bu hududlar hozirda Donetskning urush harakatlari ketayotgan Pokrovs, Kramatorsk va Slavyansk hududlaridan o‘rtacha 150 km uzoqlikda va bu juda yaqin masofadir. Akbar va onasining tahririyatga ma’lum qilishiga ko‘ra, u og‘ir va juda qiyin holatlarda saqlanmoqda. Har kuni kaltak, bosim va tazyiqlar u va qolganlarni borgan sari holdan toydirmoqda. Ammo eng yomoni – ular harbiy harakatlarga majburan tayyorlantirilmoqda. Bu esa yaqin orada Akbar janglar ketayotgan hududlarga yuborilishi mumkinligiga ishora qiladi.

Hozirda Akbar u kabi bosqinga aldab jalb qilingan, ammo hali harbiy harakatlar olib borilayotgan hududlarga olib ketilmaganlarga iste’mol uchun yaroqsiz yemaklar va rasvo oziq-ovqat berilayotgani haqida ma’lum qildi. 23 yoshli mazkur surxondaryolik yigitning shu paytgacha tishi va oyoq barmog‘i sindirilgan. Onasining bizga aytishicha, tanaci jarohatlar bilan to‘lgan. Yuqorida aytilganidek, u bilan hozir aloqa qilish imkoni bor. Ammo frontga olib ketilgach aloqa ham yo‘qoladi. Faqat hozir, zudlik bilan uni qutqarish imkoni bor.

Boboyevaing aytishicha, o‘g‘li unga bundan bir necha kun oldin u bilan birga shunday aldov yo‘llari bilan bosqinga jalb qilingan Senegal va Vengriya o‘z fuqarolarini qutqarib, olib chiqib ketishgan. Shu paytgacha Akbarning ko‘z o‘ngida o‘nlab o‘zbeklar jang maydoniga olib ketilgan. Ularning ichida yoshi Akbardan ham kichik bo‘lganlar borligi uning onasi tomonidan aytilmoqda. Akbar onasiga ushbu o‘zbeklarning ayrimlari ongli ravishda Rossiya tomonidan turib jang qilishga kelgan, qolganlari esa huddi u kabi aldab, majburlab, turli qing‘ir yo‘llar orqali olib ketilgan.

Boboyeva esa o‘g‘lini kim ishga chaqirgani, u bilan dastlab kim telefonda bog‘langani, Akbar Telegram orqali qaysi shaxs bilan bog‘langani haqidagi aksariyat ma’lumotlarni vakolatli organlarga taqdim qilgani, ammo bundan foyda bo‘lmayotgani haqida QALAMPIR.UZʼga ko‘z yoshlar bilan ma’lum qilib keldi. Lekin tahririyatga ma’lum bo‘lishicha, hozirda TIV bu ish bo‘yicha harakatlarni davom ettirmoqda. Bundan tashqari, Boboyevaing o‘zi ham bu haqda bizga ma’lum qildi.

Ogoh bo‘ling!

23 yoshli yigitning hayoti joriy yil sentyabr oyidan buyon blokbasterga aylanib ketdi. Rossiyaning boshqa davlat fuqarolarini bosqinga jalb etish siyosatini uning boshiga shunday kulfatlarni solganki, bunday ssenariyni nari borsa kinolardagina ko‘rish mumkin. Juda ayanchli va inson qadrini bir pul qiluvchi, unga va uning taqdiriga tupurib qo‘ygan harakatlar. Buni aksariyat o‘zbeklar hali ham dohiy sifatida ko‘radigan Putin va uning jinoiy klanini amalga oshirayotgan siyosatning natijasi deb baholash mumkin. Akbar haqida esa o‘tgan ko‘rsatuvlarda alohida to‘xtab o‘tilgan. Ammo qolganlarga ham ibrat bo‘lishi va ko‘pchilikning ko‘zi ochilishi uchun yana bir bor qisqa eslb o‘tish zarar qilmaydi. Chunki bugungacha Akbar va uning onasi yana ko‘plab tafsilotlar bilan bo‘lishdi.

Qurbonov Akbar joriy yil 30 iyul kuni ishlash uchun Rossiya tarkibidagi Tatariston Respublikasiga jo‘nab ketgan. U bir oy mobaynida avtomobil qismlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodda ishlaydi. Keyinchalik esa uning qarshisidan og‘ir yuk mashinalarida haydovchilik qilish taklifi chiqadi. Dastlab, bu haqda unga telefon orqali aloqaga chiqishadi. Rus tilini chala bilgan yigit B va S kategoriyadagi haydovchilik guvohnomasiga ega insonlarni qidirib yurgan bu qalloblarga ishonadi.

Shundan so‘ng, u 8 sentyabr kuni yolg‘iz o‘zi Tataristonddan Krasnodar orqali Rostovga jo‘naydi. 1500 kmdan ortiq yo‘lni bosib borayotgan Akbar Putin bosqining murvatlari aldoviga uchrayotganini bilmagan holda Ukraina chegarasidagi Rostovga yetib boradi.

Hududning joylashuvi esa unda shubha uyg‘otish ehtimoli past edi. Boz ustiga Rostov tez-tez Ukraina dronlarining hujumlariga uchrab turishidan ham ko‘pchilikning xabari bo‘lmasligi mumkin. Shu bois, ham rus tilidan ham so‘nggi yangiliklar va Rossiya bosqinining qanday borayotganidan bexabar Akbar Rostovga yetib boradi. Dastlabki kunlarda unga haydovchilik ishiga kirish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerakligini aytishadi. Ko‘rik esa “voyenkomat”da bo‘ladi. Bu paytda Akbarga ishga joylashish uchun shartnoma tuzish kerakligi aytiladi, qog‘ozlarda nima yozilganini yaxshi tushunmagan yigit o‘shandagina birinchi marta nimadandir shubhalanadi va ularga qo‘l qo‘yishdan bosh tortadi. Biroq turli tinimsiz jismoniy tazyiqlar va 10 yilga qamab yuborish tahdidi bilan Akbar imzo chekishga majbur bo‘ladi.

Uni bu ishga Kirill va Mixail degan harbiylashtirilgan tuzilma xodimlari majburlashadi. QALAMPIR.UZ ixtiyorida faqat Mixailning rasmi mavjud. Bundan tashqari, Akbarni bu tuzoqqa tushirish ishlarini Sergey va Andrey Kolesnikov kabi shaxslar tashkillashtiradi. Tahririyatda hozirda faqat o‘zini Sergey deb atagan shaxsning videosi mavjud. U barchasi endi boshlanayotganida mazkur murojaatini Akbarga yo‘llagan va uni aldamayogani, joylashgan joyi, nima ish bilan shug‘ullanishi haqida ma’lumot bergan.

Shundan so‘ng, Akbar Qurbonov harbiy poligonga olib ketiladi. Onaning so‘zlariga ko‘ra, yigit u bilan bog‘lanib turgan qarindoshlari maslahati asosida poligondan qochishga urinadi. Akbar qochishga ham qaysidir ma’noda muvaffaq bo‘ladi. Ammo yo‘l yarmida u o‘tirgan o‘tkinchi mashina to‘xtatiladi va mashina egasi tomonidan sotib beriladi. 23 yoshli yigit qo‘lga tushib, yerto‘laga tashlanadi. Boboyevaning dastlab, o‘g‘lining egnida boshqa kiyim yo‘q va faqatgina qaynatilgan guruch bilan boqilayotganini aytgandi. Yaqindagina esa uning onasidan ozuqa uchun yaroqsiz narsalar va jirkanch suyuqliklar berilayotgani haqida eshitdik. Ro‘zigul Boboyova avvaliga jismoniy zo‘ravonliklardan ko‘proq xavotirda. Chunki shunday qiynoqlar ostida Akbarning tishi va oyoq barmog‘i urib sindirilgan. Buni shu paytgacha uning tarmoqlarda tarqalgan videolarida ham ko‘rish mumkin.

Endi esa onaizor bundanda yomonroq kutilmalardan xavotirda. Chunki Akbar majburan bosqinga tayyorlantirilmoqda. Bu esa uning frontga olib ketilishi mumkinligini anglatadi. Yigit va uning atrofidagilar dastlabki harbiy tayyorgarlikni amalga oshirishga qarshilik qilishsa, yana jismoniy zo‘ravonlikka uchrashmoqda. Usiz ham Ro‘zigul opaning yolg‘iz o‘g‘li hozirda tik oyoqda, zo‘rg‘a harakatlanayotgani va holsizlangani aytilmoqda. Bugungacha QALAMPIR.UZ’ga mazkur voqelik haqida faqat shulargina ma’lum.

Rossiyaga bormang!

Uzoq vaqt davomida Rossiyaning Ukrainanadagi bosqini va o‘zbekistonlik migrantlar xususidagi eng dolzarb masala bu ularni xorij davlat armiyasiga qo‘shilish jinoiy javobgarlikka asos bo‘lishi va ma’lum muddatga qamalishi haqidagi ogohlantirishlar edi. Lekin bugun ayon bo‘lmoqdaki, hamma o‘zbek yigitlari ham bu bosqinga o‘z xohishi bilan pul va uy uchun ketmayapti. Rossiya bosqin mashinasining shunday chirkin sxemalari haqida eshitgandan so‘ng, yana qancha yosh-navqiron o‘zbek yigitlari bosqinga majburlab olib ketilgan, degan o‘y insonni qiynovga soladi. Ularini qanday majburlashayotgani esa yanada jirkanch.

Masalan, “Vyorstka” nashri xorijliklarning qanday qilib urushga tashlanayotgani haqida oldinroq maqola e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, asosan, g‘ayriinsoniy va g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan bu ish amalga oshirilmoqda. Jumladan, “cho‘ntaginga noqonuniy modda tashlab, tuxmat qilish bilan qamoqqa olish”, “qo‘rqitish”, “jismoniy zo‘ravonlik” va “ekstremist deb e’lon qilish” kabi usullardan keng foydalanayotgani haqida so‘z boradi. Mazkur nashrning ushbu ma’lumotlari esa bugun biz duch kelayotgan murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan boshqa shu kabi holatlar bilan bir xil.

Bunday holatlar juda ko‘p. Masalan, Rossiya tomonidan bosqinga majburan jalb qilingan yana bir O‘zbekiston fuqarosi Ukrainanadagi frontga yetib borgan zahoti taslim bo‘ldi. Uning videomurojaatini “Nexta Live” kanali namoyish qildi. 31 yoshli buxorolik yigitning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya armiyasi safida bosqinda qatnashish shartnomasini majburiy tarzda imzolagan. Mahalliy politsiya uni giyohvand moddalar bilan aloqadorlikda ayblab, 12-18 yilga qamab yuborish bilan qo‘rqitgan. Uning oldida esa ikkita yo‘l qolgan – yo qamoq, yo front.

Fuqaro frontga yetib kelgan zahoti Ukrainaning harbiy dronlaridan biri uni aniqlagan. U darhol qurolsiz holatda taslim bo‘lgan. Rossiya armiyasidagi sharoitlar haqida gapirar ekan, u aloqa vositalari va harbiy jihozlarni o‘z hisobidan sotib olgani, armiyada tartibsizlik va aldov hukmronligini bildirgan. Unga ko‘ra, jang maydonida halok bo‘lgan askarlarning jasadlari shunchalik ko‘p bo‘lganki, qadam qo‘yishga joy qolmagan. O‘zbekistonlik yigit Rossiyaga qaytishni istamayotganini aytib, O‘zbekiston hukumatidan mamlakatga qaytishda yordam so‘ragan.

Demak, ayni damda Rossiyada quyidagicha holat amalda. Ajoyib kunlarning birida Rossiyada uydan ishga, yoki ishdan uyga yo‘l olasiz, yo bo‘lmasa yetkazib berish xizmatda o‘z ishingizni boshlaysiz. Yo‘lda hujjatingizni tekshirish voji bilan to‘xtatishadi, so‘ng tegishli bo‘limga olib ketib, o‘sha yerda sizdan yoxud telefoningizdan qandaydir ayb topib, qamoq jazosi bilan tahdid qilishadi. “Terrorizm yoki giyohvandlik savdosida ayblov qo‘yish tahdidi bilan qo‘rqitilasiz. Yoki yetkazib berayotgan buyumingiz ichidan o‘z-o‘zidan narkotik modda paydo bo‘lib qoladi va qarabsizki, siz tuzoqqa tushib qolasiz. Rossiyaga bormang!


Maqola muallifi

Teglar

TIV Rossiya O'zbekiston Ukraina Donetsk Lugansk Yurevka Kamisheva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing