Rossiya suvosti kemalari Atlantika okeanida har qachongidan ham faolroq – AQSH 

Olam

image

NATO va AQSHning Yevropadagi harbiy amaliyotlari bo‘yicha bosh qo‘mondoni, armiya generali Kris Kavolining aytishicha, Rossiya Ukraina urushida katta kuch sarflayotganiga qaramay uning suvosti kemalari Atlantika okeanidagi faollikni yaqin yillar ichida har qachongidan ham yuqori darajaga oshirgan. Bu haqda “U.S. News” xabar berdi

Qayd etilishicha, Kongressda nutq so‘zlagan Kavoli Rossiya qo‘shinlarining jiddiy tanazzulga uchragani haqidagi xulosalarga zid bo‘lgan bir nechta misollardan birini keltirgan. Uning aytishicha, Rossiya suv osti kemalarining Atlantika okeanidagi faolligi har qachongidan ham yuqori darajaga yetgan. 

“Ularning patrullari Atlantika bo‘ylab yuqori holatda. Biz yillar davomida kuzatganimizdan ham yuqori darajada. Va bu ularning Ukrainada qilgan barcha sa’y-harakatlariga qaramay shunday”, deydi u Vakillar palatasi Qurolli kuchlar qo‘mitasi oldida. 

Tahlilchilar so‘nggi oylarda Rossiyaning Atlantikadagi suvosti kuchlari bo‘yicha xavotir bildirayotgan bo‘lsada, ular asosan uning o‘tgan hafta ommaviy mashg‘ulot o‘tkazgan Tinch okeani flotiga e’tibor qaratgan. Ushbu manyovrlar qisman Moskva va Pekin o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlangani sifatida baholangan. 

Avvalroq Rossiya Atlantika okeaniga o‘zining harbiy kemalarini jo‘natganda AQSH xavotir bildirgandi. Chunki mamlakat rasmiylarining fikricha, Rossiya harbiy kemalardan AQSH raketaga qarshi mudofaa tizimini mag‘lub etoladigan gipertovushli qurollardan otishi mumkin deb hisoblagan. 

Rossiyaning suvdagi faollashuvi haqidagi tahlillar oxirgi paytlarda uning qo‘shinlaridagi zaiflashuv, muvaffaqiyatsizliklar va muammolar bo‘yicha yangrayotgan taxminlarga qarama-qarshi tarzda chiqqan. 

Baxmut kabi shaharlar atrofidagi janglar Rossiya qo‘shinlarining jangovar holati hali ham yomon emasligini ko‘rsatayotgan bo‘lsada, tahlilchilar uni qiynayotgan quruqlikdagi muammolarga ko‘proq urg‘u beryapti. 

"Rossiyaning Ukrainadagi kuchlari butun front bo‘ylab markazlashtirilmagan va asosan degradatsiyaga uchragan tuzilmalarda harakat qilmoqda”, deyiladi Urushni o‘rganish mustaqil institutining 23 aprel kuni e’lon qilingan tahlil xulosasida. 

Rossiya qo‘shinining qudrati hali ham pasaymagani haqidagi izohlar asosan Respublikachilar partiyasi vakillari tomonidan berilmoqda. 2024 yilgi AQSH prezidentlik saylovlari uchun partiyaning bir qancha yetakchi nomzodlari Ukrainaga yordam ko‘rsatishning ahamiyatini shubha ostiga olib, buning o‘rniga Xitoyni tiyib turishga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing