Rossiya Putin e’lon qilgan sulhni 734 marta buzdi – Sibiga
Olam
−
08 may 6279 2 daqiqa
Rossiya armiyasi mamlakat Prezidenti Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan 3 kunlik sulhga qaramay, butun front chizig‘i bo‘ylab hujumlarni davom ettirmoqda. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ma’lum qildi.
“Kutilganidek, putincha “parad sulhi” navbatdagi yolg‘on bo‘lib chiqdi. Tungi soat 00:00 dan tushgacha Rossiya tomonidan sulh rejimini 734 bor buzilib, 63 hujum operatsiyasi amalga oshirildi, ularning 23 tasi hanuz davom etmoqda”, deb yozdi Sibiga ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi umumiy hisobda Ukraina Qurolli kuchlari pozitsiyalariga 586 marta hujum qilgan. Ularning 464 tasi og‘ir qurollardan foydalangan holda amalga oshirilgan. Shuningdek, 176 marotaba dronlar bilan zarba berilgan va 10 aviatsion hujumda 16 boshqariladigan bomba qo‘llanilgan.
Sibiga barcha sulh buzilishi haqidagi ma’lumotlar AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro hamkorlarga yetkazilishini bildirgan.
“Ukraina hanuz kamida 30 kunlik to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga va ishonchni mustahkamlash choralari orqali adolatli va barqaror tinchlikka olib boruvchi muzokaralarni boshlashga tayyor”, dedi TIV rahbari.
Ukrainaning “Suspilne” davlat telekanaliga ko‘ra, Ukraina armiyasining bir nechta bo‘linmalari askarlari sulh davrida faqat javob tariqasida o‘t ochishga buyruq olgan. Shunga o‘xshash buyruq aprel oyida e’lon qilingan “Pasxa sulhi” vaqtida ham berilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa, aksincha, Ukraina tomoni sulhni buzganini bildirgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina armiyasi bo‘linmalari front chizig‘i bo‘ylab 173 marta artilleriya, tank va minomyotdan o‘q uzgan hamda 4 marta raketa tizimlaridan foydalangan. Shuningdek, 300 dron orqali zarba va bomba tashlash holatlari qayd etilgan. Umumiy hisobda Rossiya tomoni 488 ta sulh buzilishini qayd etgan.
Bundan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina tomonining Kursk viloyati orqali ikki marta davlat chegarasini yorib o‘tishga uringanini ham bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Putin tomonidan e’lon qilingan bir tomonlama sulh 8 may soat 00:00 dan 11 may soat 00:00 gacha davom etishi kerak. Ukraina bu sulhga rasmiy ravishda qo‘shilmadi. Prezident Vladimir Zelenskiy 3 kunlik emas, 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qildi, biroq Rossiya bunga rozi bo‘lmadi.