Rossiya neftsiz qolmoqda – OAV
Olam
−
28 avgust 15730 3 daqiqa
Avgust oyining o‘zida Ukraina tomonidan uyushtirilgan hujumlar oqibatida Rossiyaning 10 ta neftni qayta ishlash zavodi ishdan chiqdi va oqibatda mamlakat umumiy quvvatining kamida 17 foizi, ya’ni kuniga 1,1 million barrel neft (1 barrellik hajm taxminan 159 litrga teng) yo‘qotildi. Bu haqda mamlakat ichidagi manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ushbu yo‘qotishlar sababli Rossiya g‘arbiy portlardan neft xomashyosi eksporti rejasini qayta ko‘rib chiqmoqda. Qayd etish joiz, avgust oyi uchun eksport hajmi kuniga 200 ming barrelga kamaytirilgan, biroq davom etayotgan ketma-ket hujumlar va ta’mirlash ishlaridagi kechikishlar sabab kelgusidagi eksport rejasi qorong‘uligicha qolmoqda.
Kelayotgan sentyabr oyi bo‘yicha esa neft sotuvchilari hali yakuniy rejalarni olmagan. Ayrim manbalarning hisoblashicha, “Drujba” quvuriga va Ust-Luga yo‘nalishiga yetkazilgan zarar eksport hajmini kuniga 500 ming barrelgacha qisqartirib yuborgan.
Yana bir manbaga ko‘ra, Ust-Luga porti hozircha o‘zining 700 ming barrelga teng imkoniyatidan atigi yarmi bilan ishlamoqda va qachon to‘liq quvvatga qaytishi noma’lum. Bu balki Rossiyaga nisbatan joriy qilinadigan sanksiyalar yuqori cho‘qqisiga chiqqani sababli sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
“Deutsche Welle” nashrining ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar Rossiyaning nafaqat ishlab chiqarishini izdan chiqargan, balki mamlakatning bir qator hududlarida benzin tanqisligiga ham olib kelgan. Xususan, Novokuybishevsk, Saratov, Samara, Volgograd va Sizran zavodlari to‘liq to‘xtab qolgan, shuningdek, Afipskiy, Slavyansk va Novoshaxtinskdagi ishlab chiqarish binolari ham hujumga uchragan.
“Reuters” nashri 1 avgust kuni ham neft bozoridagi xaridor va savdogarlarga tayangan holda Rossiyada avgust va sentyabr oylarida benzin yetkazib berishda uzilishlar kutilayotganini xabar bergan edi. 2024 yilda dron hujumlaridan so‘ng, Rossiya hukumati benzin va dizel ishlab chiqarish statistikalarini oshkor qilmay qo‘ygan, nashr hisob-kitobiga ko‘ra, o‘tgan yili neftni qayta ishlash hajmi so‘nggi 12 yildagi eng past darajaga – 269,9 million tonnaga tushib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina kuchlarining “Drujba” neft quvuriga zarba bergani haqida ilk xabarlar 22 avgust kuni matbuotda tarqalgan. Ushbu yo‘l orqali Vengriyaga ham neft yetkazib berilar edi. Budapeshtga ko‘ra, quvur kamida besh kunga ishdan chiqqan. Hujumga uchragan quvur Rossiyaning Bryansk viloyatidan o‘tadi.
Hujumdan keyin bir necha kunga neftsiz qolgan Vengriya darg‘azab bo‘ldi va Ukrainani “Vengriyaga qarshi urush” boshlaganlikda aybladi. Mamlakat Bosh vaziri Viktor Orban Trampga xat yo‘llab, Ukrainani “nonko‘rlik”da aybladi.
“Besh kun avval, Tramp va Putin tarixiy uchrashuvi arafasida, Ukraina Rossiyadagi “Drujba” neft quvuriga dronlar bilan zarba berdi. Vengriya Ukrainaga elektr va yonilg‘i bilan yordam berib kelmoqda, lekin buning evaziga ular bizni ta’minlaydigan quvurni urishdi. Bu juda dushmanona qadam”, deya yozgan Orban.
Tramp esa xatga o‘z qo‘llari bilan javob yozib, Ukrainaning bu ishidan “juda g‘azablangani”ni bildirdi.
Shu orada Kiyev ham Vengriyaning “uddaburonligi”dan xabar topib, Budapesht rasmiylarini Zelenskiyga aql o‘rgatmaslikka chaqirdi.
Live
Barchasi