Rossiya markaziy osiyolik migrantlar o‘rniga hindistonliklarni ishlatishi mumkin
Olam
−
30 yanvar 13467 2 daqiqa
Rossiya Markaziy Osiyodan kelgan ishchilar o‘rniga hindistonlik mehnat muhojirlarini jalb qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda “News.ru” bilan suhbatda Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashi a’zosi Kirill Kabanov aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hindistonlik ishchilar yaxshi muqobil bo‘lishi mumkin, chunki Hindiston mehnat bozorida malakali ishchilar ko‘p.
“Hindiston bizga ishchi kuchi taklif qilishga tayyor. Suhbat davom etmoqda. Hindistondan ishchi kuchini olib kirish ishchi vizasini talab qiladi – bu nazorat. Ular uyushqoqlik bilan kelishadi. Ikkinchidan, bu oldindan rejalashtiriladi. Ular ma’lum bir ish uchun ma’lum bir ish beruvchiga kelishadi. Hindiston mehnat bozorida malakali mutaxassislarni topishimiz mumkin”, degan Kabanov.
Huquq himoyachisiga ko‘ra, hozirda Rossiya mehnat bozorida Markaziy Osiyodan kelayotgan muhojirlar soni ko‘pligi, ularning aksariyati zarur malakaga ega emasligi sababli yuqori raqobat mavjud. U hind mutaxassislari manfaatli muqobil bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Kabanov, shuningdek, Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar olib kelishi mumkin bo‘lgan "radikal mafkura"dan xavotir bildirgan.
"Boshqa davlatlardan muhojirlarni olib kelishga muqobil yo‘l izlayotganimiz haqida suhbat boshlanishi bilanoq, darhol Qirg‘iziston va Tojikiston tomonlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ular nafaqat o‘z ishchi kuchlarini joylashtirishdan, balki Rossiyaga radikal mafkurani ilgari surishdan ham nihoyatda manfaatdor", deya xulosa qildi huquq himoyachisi.
Davlat Dumasi deputati Yaroslav Nilov ham avvalroq Hindistondan mehnat muhojirlari Rossiyaga faqat mehnat vizasi bilan kelishlarini aytgan edi. Parlament a’zosi bu samarali tartibga solish vositasi ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 19 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Vladimir Putin bilan yil natijalari” dasturida Rossiyaga kelayotgan migrantlar o‘zlari yashayotgan davlatni hurmat qilishlari uchun ularga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish kerakligi haqida gapirgandi. Uning qayd etishicha, Markaziy Osiyo aholisi Rossiyada ishlash uchun o‘qitilishi kerak. U yerda rus maktablari ochilishi, madaniyat va til o‘rgatilishi zarur.
Live
Barchasi