Rossiya Kiyevga zarba berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
10 iyul 7547 2 daqiqa
Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina poytaxti Kiyevga dronlar va raketalar yordamida zarba berdi. Hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda bugun, 10 iyul kuni shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko ma’lum qildi.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, 16 kishi jarohat olgan, ulardan 10 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Tkachenkoning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevning Shevchenko tumanida dron turar-joy binosi tomiga qulagan. Klichko esa binoga parchalarning qulaganini, yuqori qavatda yong‘in chiqqanini bildirgan.
Timur Tkachenkoning bildirishicha, hujum oqibatida Kiyevda turar-joy binolari, omborxonalar, ofis va noturar ob’ektlar hamda yonilg‘i quyish shoxobchalarida yong‘inlar yuzaga kelgan. Shuningdek, bir qator avtomobillar shikastlangan.
Klichkoning aytishicha, Kiyevning Podol tumanida Rossiya hujumi oqibatida 1-sonli Birlamchi tibbiy yordam markazining ambulator bo‘limi deyarli to‘liq vayron qilingan. Ukraina OAV xabariga ko‘ra, Kiyevda ketma-ket portlashlardan keyin shaharni tutun qoplagan.
Rossiya qo‘shinlari Kiyev viloyatini ham dron va raketalar bilan nishonga olgan. Obuxov tumani aholisi orasida bir kishi yaralangan, u shifoxonaga yotqizilgan. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Nikolay Kalashnikning bildirishicha, to‘rt tuman zarba oqibatida zarar ko‘rgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning Lutsk shahri Rossiyaning dron va raketalaridan eng yirik hujumga uchragani xabar qilingandi. Oqibatida garajlarga zarar yetkazilgan va korxonalardan birining hududida yong‘in kelib chiqqan. Qurbonlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Live
Barchasi