Rossiya Xarkovga yirik dron hujumi uyushtirdi
Olam
−
03 may 5992 2 daqiqa
Kecha, 2 may kuni kechasi Rossiya qo‘shinlari Xarkov shahriga keng ko‘lamli dron zarbasini berdi. Bu haqda shahar meri Igor Terexov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, hujum oqibatida shaharning to‘rtta tumani – Kiyevskiy, Osnovyanskiy, Slobodskoy va Saltovskiyda joylashgan 12 ta nishon zarba ostida qolgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarba tufayli xonadonlar zararlangan. Kamida 36 kishi jarohat olgan.
Xarkov viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning ma’lum qilishicha, zararlangan ko‘p qavatli uy yaqinida avtomobillar yonib ketgan. Voqea joyida qutqaruvchilar va tibbiy brigadalar ish olib borgan.
“Barcha jabrlanganlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, dedi Sinegubov.
Ukraina Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, 2 may kuni Rossiya armiyasi bir vaqtning o‘zida Xarkov, Kiyev, Sumi va Zaporoje yo‘nalishlari bo‘ylab bir nechta dronlar guruhini uchirgan. Zaporojega uyushtirilgan hujumda boshqariladigan aviabombalar ham qo‘llanilgan. Bu hududlarda havo xavfi signali e’lon qilingan. Sirena, shuningdek, Chernigov, Poltava viloyatlari va Cherkass viloyatining bir nechta tumanlarida yangragan.
Qayd etish joiz, Rossiya doimiy ravishda Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga hujum uyushtirib kelmoqda. Masalan, joriy yilning 29 aprel kuni kechqurun Xarkovga kamida 16 dron uchirilgan. Hujum oqibatida ko‘p qavatli uylar, shifoxona, sanoat ob’ektlari va muhandislik infratuzilmasi zarar ko‘rgan. 51 kishi jabrlangan, ulardan 13 nafari, shu jumladan ikki bola shifoxonaga yotqizilgan.
Bunga qadar Rossiya qo‘shinlari Dnepropetrovsk, Donetsk, Kiyev va Xarkov viloyatlariga 100 dan ortiq dron uchirgan edi. Dnepropetrovsk viloyatining Samarovskiy tumanida dronlardan biri yashash uyini butkul vayron qilgan, zarba oqibatida bir bola halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya armiyasi Odessa shahriga dronlar bilan ommaviy hujum qilgandi. Oqibatda kamida ikki kishi halok bo‘lgan, yana 15 kishi yaralangan. Halok bo‘lganlardan biri “Ukraina temiryo‘llari” xodimi bo‘lgan. Erkak dron hujumi oqibatida o‘z uyida vafot etgan. Bundan tashqari, tungi hujum oqibatida temiryo‘l uchastkalaridan birida yo‘l tarmog‘i, aloqa tarmog‘i va uchta yuk vagoni shikastlangan.
Live
Barchasi