Rossiya Donbassdan Kurskka qo‘shin yubormaydi – “Bloomberg” 

Olam

image

Rossiya Mudofaa vazirligi qo‘shinlarni Donbassdagi front chizig‘idan Ukraina Qurolli kuchlarining hujumi uchinchi haftadan beri davom etayotgan Kursk viloyatiga o‘tkazmaslikka qaror qildi. Bu haqda Kremlga yaqin manbaga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya hududiga chuqur kirib borishini to‘xtatishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishlariga qaramay, Rossiya armiyasi Donetsk viloyatidagi hujumlarini susaytirmayapti. O‘tgan haftada Rossiya askarlari Donbassdagi Ukraina Qurolli kuchlarining muhim logistika markazi bo‘lgan Pokrovsk shahri hududida oldinga siljidi.

Biroq Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotlariga ko‘ra, bir qator Rossiya qo‘shinlari hali ham Ukrainaning janubi va sharqidan Kursk viloyatiga ko‘chirilgan, ammo ularning bo‘linmalari oldingi chiziqda emas edi. 

Harbiy tahlilchi Yan Matveyevning fikricha, Kursk viloyatidagi Ukraina kuchlari nazoratidagi aholi punktlarini qaytarish uchun 40 mingdan 50 minggacha rus askari kerak bo‘ladi. “Bloomberg” manbasiga ko‘ra, Kreml ushbu operatsiyada muddatli harbiy xizmatchilardan foydalanish niyatida.

Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujumi

Ukraina kuchlari 6 avgustdan beri Kursk viloyatida keng ko‘lamli hujum operatsiyasini o‘tkazmoqda. Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy 20 avgust kuni Ukraina harbiylari mintaqadagi 1260 kvadrat kilometrdan ortiq hudud va 93 ta aholi punktini nazoratga olganini ma’lum qildi. Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, ukrain tuzilmalari Rossiya hududiga 28-35 kilometr chuqurlikdan o‘tgan.

9 avgustdan Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etilgan. Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ishtirokidagi chegara hududidagi vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishda 133 ming kishi hududni tark etganini, 20 mingga yaqini hamon chegara zonasida ekanini ma’lum qildi.

Smirnov o‘zining Telegram-kanalida Kursk viloyatining chegaradosh tumanlaridagi maktablar masofaviy ta’lim formatiga o‘tkazilganiga ham ishora qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Kursk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing