Rossiya benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni kengaytirdi

Olam

image

Rossiya hukumati benzin eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklovlarni 31 iyulga qadar bevosita neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ham tatbiq etdi. Bu haqda tegishli qaror imzolandi.

“Qaror mavsumiy talab yuqori bo‘lgan davrda va qishloq xo‘jaligi dala ishlari vaqtida ichki yoqilg‘i bozorida barqaror vaziyatni saqlab qolish maqsadida qabul qilindi”, deyiladi xabarda.

Hukumat Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli jahon bozorida neft narxining oshishini qo‘shimcha omil sifatida ko‘rsatgan.

Ma’lumot uchun, AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanganidan so‘ng Tehron jahon neftining 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning (STG) 30 foizdan ortig‘i o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi orqali savdoni to‘xtatishini e’lon qildi. Keyinchalik Eron rasmiylari bo‘g‘oz AQSH va uning ittifoqchilaridan tashqari hamma uchun ochiq qolishini aniqlashtirdi. Kreml esa ushbu vaziyat fonida Rossiya energiya resurslariga bo‘lgan talab ortayotganini ma’lum qildi.

Cheklovlar xalqaro hukumatlararo bitimlar doirasida amalga oshiriladigan benzin yetkazib berishga taalluqli emas. Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada rasmiylar 2025 yil sentyabr oyida benzin eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etgan edi. Embargo ikki marta uzaytirildi, 2026 yil yanvar oxirida esa yirik yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilar uchun bekor qilindi. Biroq treyderlar, neft bazalari va kichik neftni qayta ishlash zavodlari (yillik quvvati 1 mln tonnadan kam bo‘lgan) uchun cheklovlar saqlanib qolgan edi.

Bozordagi vaziyat, shuningdek, 25 mart kuni Ust-Luga portida va Leningrad viloyatining Kirish tumanidagi sanoat zonasida dronlar hujumidan keyin yuz bergan yong‘inlar fonida ham muhokama qilindi. Kirish tumanida Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri “Kirishinefteorgsintez” (KINEF, “Surgutneftegaz” tarkibiga kiradi) joylashgan.

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 16 martdan 23 martgacha bo‘lgan haftada benzinning chakana narxi 0,36 foizga oshib, litri uchun 66,55 rublni, dizel yoqilg‘isi esa 0,2 foizga oshib, 77,6 rublni tashkil etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya neft' benzin eksporti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing