Rossiya Armanistondan barcha karantin mahsulotlari importini taqiqladi

Olam

image

Bugun, 12 iyundan boshlab Rosselxoznadzor Armanistondan Rossiyaga barcha karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishnigina emas, balki ularning Rossiya hududi orqali Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) boshqa mamlakatlariga tranzit qilinishini ham taqiqladi. Ushbu taqiq “yuklarning xavfsizligi va ularni kuzatib borish ustidan nazorat algoritmi” kelishib olingunga qadar amalda bo‘ladi. Bu haqda Rosselxoznadzor xabar berdi.

Idoraning ma’lum qilishicha, bunday mutlaq taqiq qo‘yilishiga tizimli ravishda karantindagi zararkunandalar aniqlangani sabab bo‘lgan. May oyidan beri xizmat Armaniston agroeksportining ayrim toifalarini ketma-ket yopib keldi va Yerevanni “qoidabuzarliklar” haqida muntazam ravishda ogohlantirdi – biroq, Rosselxoznadzorning yozishicha, vaziyat o‘zgarishsiz qolgan. Qayd etilishicha, iyun oyining o‘zida mutaxassislar “kapra qo‘ng‘izi bilan zararlanish”ning uchta holatini qayd etgan: zararkunanda Armanistondan keltirilgan yong‘oq, quritilgan shaftoli va quritilgan pomidorlar tarkibida aniqlangan.

Rosselxoznadzor buni Armaniston fitosanitariya nazorati o‘z funksiyalarini uddalay olmayotgani va sertifikatlash tizimiga bo‘lgan ishonch yo‘qolganidan dalolat beradi deb baholagan. Idoraga ko‘ra, bularning barchasi butun YeOIIning “fitosanitariya osoyishtaligi”ga tahdid soladi.

Rossiya idoralari joriy etilayotgan cheklovlarni sanitariya va fitosanitariya da’volari bilan izohlamoqda, biroq Armaniston rasmiylari va kuzatuvchilari buni Moskva va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashgani bilan bog‘lamoqda. Amaldagi taqiq Rossiya Pashinyan hukumatining YeI va AQSH bilan yaqinlashish kursi fonida Armanistonga nisbatan qo‘llayotgan bir qator choralarining davomi bo‘ldi. Masalan, bunga Armanistondagi saylov jarayonida qoidabuzarliklar bo‘lgani haqidagi bir tomonlama bayonotlar va uning YeOIIdagi a’zoligini muzlatib qo‘yish tahdidlari kiradi.

7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Pashinyanning “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi qariyb 50 foiz ovoz to‘pladi va hukumatni bir o‘zi shakllantirish huquqini qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida Armaniston bilan quruqlikdagi chegaralarini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing