Putin Hindistonni uzluksiz yoqilg‘i bilan ta’minlamoqchi

Olam

image

Rossiya mamlakatning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun Hindistonni barqaror yoqilg‘i ta’minoti bilan ta’minlashga tayyor. Bu haqda Prezident Vladimir Putin Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha chiqishi chog‘ida ma’lum qildi.

“Bizning energetika sohasidagi hamkorligimiz muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Rossiya energiya resurslari va Hindistonning energetika sohasini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni ishonchli yetkazib beruvchi hisoblanadi. Biz tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgan Hindiston iqtisodiyotini yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlashda davom etishga tayyormiz”, deya ta’kidladi Rossiya rahbari.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida neft va neft mahsulotlari savdosi, shuningdek, Rossiya neftini Hindiston korxonalarida qayta ishlash muammosiz va rejaga muvofiq davom etmoqda.

Avgust oyida AQSH Prezidenti Donald Tramp Hindistonning Rossiya neftini xarid qilishiga qo‘shimcha 25 foizlik boj joriy qildi va umumiy tarifni 50 foizga oshirdi. Amerika rahbari, shuningdek, Vashington xuddi shunday choralarni Rossiyaning boshqa hamkorlariga ham qo‘llashi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Vaziyatni sharhlar ekan, Hindiston Bosh vaziri mamlakat o‘z aholisining iqtisodiy manfaatlarini, garchi bu katta xarajatlarga olib kelsa ham, himoya qilish niyatida ekanini ta’kidladi.

20 oktyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Rossiya neftini Hindistonga yetkazib berish davom etayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, AQSHning qo‘shimcha tariflar kiritish tahdidi hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan va Nyu-Dehli Rossiya yoqilg‘isini import qilishni davom ettirish rejalarini saqlab qolgan.

Eslatib o‘tamiz, 4 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin so‘nggi to‘rt yil ichida birinchi marta Hindistonga tashrif buyurdi. Rossiya hukumati samolyoti Hindiston havo kuchlarining Nyu-Dehlidagi Palam aviabazasiga qo‘ngan. Putinni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi kutib olgan. Rossiya Prezidenti va Hindiston Bosh vaziri bir avtomobilga o‘tirib, norasmiy uchrashuvga yo‘l olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Putin yoqilg'i Narendra Modi neft' savdosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing