PSJ qatorasiga ikkinchi yil UEFA Superkubogini qo‘lga kiritdi

Sport

image

PSJ UEFA Superkubogi finalida “Aston Villa”ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, ushbu sovrinni qatorasiga ikkinchi yil qo‘lga kiritdi. Zalsburgdagi “Red Bull Arena”da o‘tgan bahsda Parij klubi Chempionlar ligasi g‘olibi sifatida Yevropa ligasi g‘olibi “Aston Villa”ga qarshi maydonga tushdi.

Uchrashuvda hisob 20-daqiqada PSJ'ning gurjistonlik hujumchisi Xvicha Kvaratsxeliyaning kuchli zarbasidan keyin ochildi. U jarima maydoni tashqarisidan to‘pni darvoza to‘sini ostiga yo‘llab, jamoasini oldinga olib chiqdi.

Birinchi bo‘lim yakunida esa “Aston Villa”ning 17 yoshli Brayan Madjo ismli o‘yinchisining goli bilan hisob tenglashdi. Hujumchi Jon Makginnning uzatmasidan keyin to‘pni uchib kelayotgan holda zarba bilan darvozaga yo‘lladi.

PSJ'ning g‘alaba goliga 61-daqiqada Dezire Due mualliflik qildi. Fransiyalik hujumchi Usmon Dembelening uzatmasidan keyin darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib, to‘pni darvozaga kiritdi. Dastlab gol ofsayd sababli hisoblanmagan bo‘lsa-da, VAR aralashuvidan keyin u inobatga olindi.

Shu tariqa, PSJ 2016 va 2017 yillarda “Real”dan keyin UEFA Superkubogini ikki yil ketma-ket yutib olgan birinchi jamoaga aylandi.

“Aston Villa” hujumchisi Brayan Madjo esa 17 yosh 212 kunligida Superkubok tarixida maydonga tushib, gol urgan eng yosh futbolchi bo‘ldi. U 1995 yildagi Patrik Klyuyvert rekordini yangiladi.

PSJ uchun g‘alaba klub tashkil topganiga 56 yil to‘lgan kunda qayd etildi. Parij klubi 1970 yil 12 avgustda tashkil etilgan.

Uchrashuvni somalilik hakam Omar Artan boshqardi. U UEFA Superkubogi tarixida hakamlik qilgan birinchi yevropalik bo‘lmagan hakam bo‘ldi. Artan bahs davomida uchta sariq kartochka ko‘rsatdi va ularning barchasi “Aston Villa” futbolchilariga berildi.

Ma’lumot uchun, UEFA Superkubogi har yili Chempionlar ligasi va Yevropa ligasining amaldagi g‘oliblari o‘rtasida o‘tkaziladi. U PSJ uchun bu mavsumda qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan oltita sovrindan birinchisi bo‘ldi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing