Profilaktika inspektori o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan mast erkakni qutqarib qoldi (video)

3-sahifa

image

Buxoro viloyatining Vobkent tumanida mast erkak qo‘liga pichoq olib, o‘zini o‘ldirish bilan tahdid qildi. Profilaktika inspektori esa uni zararsizlantirib, suiqasdning oldini oldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 22 iyul kuni tongda 112 qisqa raqamiga Vobkent tumanidagi xonadonlardan birida oilaviy mojaro yuz bergani haqida murojaat kelib tushgan. Ma’lum bo‘lishicha, er-xotin o‘rtasidagi janjal oqibatida ayol uyidan chiqarib yuborilgan, uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi esa kuchli mast holatda bo‘lgan otasi bilan ichkarida qolib ketgan.

Xabar ortidan hudud profilaktika inspektori voqea joyiga yetib borgan. Xonadon darvozasi ichkaridan qulflangani sabab u baland devordan oshib tushib, hovliga kirgan. U to‘g‘ridan to‘g‘ri bolalar tomon yugurgan va ularni xavfsiz joyga olib o‘tgan.

Shundan so‘ng, inspektor erkakni tinchlantirishga uringan. Biroq erkak qo‘liga oshxona pichog‘ini olib, uni tomog‘iga tiragan holda o‘z joniga qasd qilish bilan tahdid qilgan. U inspektordan uyni tark etishini va u bilan bo‘limga bormasligini aytgan.

Vaziyatning keskinlashganiga qaramay, profilaktika inspektori erkak bilan muloqotni davom ettirib, psixologik usullar orqali uni chalg‘itishga erishgan. Qulay fursatdan foydalanib, uning qo‘lidagi pichoqni tortib olgan va fuqaroni zararsizlantirgan.

“Sarasuv mahallasida xizmat olib borayotganimizda Badoy qishlog‘idagi xonadonda oilaviy mojaro yuz bergani haqida xabar oldik. Fuqaro eshikni ochmagani uchun devordan oshib, hovliga kirdik va bolalarni xavfsiz joyga olib chiqdik. Shu paytda mast holatdagi fuqaro qo‘liga oshxona pichog‘ini olib, o‘z joniga qasd qilish bilan tahdid qildi hamda bizdan chiqib ketishimizni talab qildi. Uni psixologik jihatdan chalg‘itib, qulay fursatdan foydalanib qo‘lidagi pichoqni olib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldik”, degan profilaktika inspektori.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, profilaktika inspektorining tezkor va qat’iy harakati natijasida ikki nafar bolaning hayoti saqlab qolingan hamda ehtimoliy fojianing oldi olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Xotira xiyoboni yonidagi “Bo‘zsuv” kanaliga o‘zini tashlagan ayolni qutqarishga uringan Milliy gvardiya xodimi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing