Prezident “mudrab” o‘tirgan hokimlarni tanqid qildi
Jamiyat
−
09 aprel
9604Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 aprel kuni ko‘pchilik hokimlar turizm qanday katta yo‘nalish ekanini tushunib yetmayotganini ko‘rsatib o‘tdi. Bu haqda u o‘zi raisligida o‘tayotgan hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.
Yig‘ilishda mavsum boshlanganiga bir oydan oshgani bilan kapsulali uylardan iborat maskan faqat Kitobda ochilgani qayd etilib, qolgan 35 ta tuman va shahar hokimi “mudrab” o‘tirgani tanqid qilindi.
Kapsulali uylarni qurish va jihozlashga Turizm jamg‘armasidan 10 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi.
Shuningdek, sayyohlar Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryodan o‘tgan magistral va ichki yo‘llar ahvolidan noroziligi qayd etildi.
Mutasaddilarga “turizm halqasi”ga kirgan yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha hisob-kitob qilib, ishlarni boshlash topshirildi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3,5 milliard dollarga yetgan. Bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshlagan. Muhimi – o‘tgan yili xorijiy sayyohlar oqimi ilk bor 10 millionlik marradan o‘tgan.
Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, o‘tgan 8 yilda mahalliy va xorijiy investorlar 6,5 milliard dollar sarmoya kiritib, 130 ming mehmonxona o‘rni yaratdi. Bu yili ular yana 30 mingga ko‘payadi.
Ta’kidlanishicha, Parkentning “Oltin bel” cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘-chang‘i zonasi barpo etilyapti. Fransiyaning “Kurshavel” tog‘-changi kurorti tog‘li hududlarimizda Yevropa standartiga mos turizm maskanlarini tashkil qilishga katta qiziqish bildirmoqda.
“Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Boy tarixiy-madaniy merosimiz, go‘zal va betakror tabiatimiz sayyohlarni 2-3 karra oshirishga yetadi”, dedi Prezident.
Turizmning iqtisodiyotdagi ulushini 7 foizga, eksportni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha 2040 yilgacha strategiya ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

