Prezident Qashqadaryoda 69 ta loyihani ishga tushirdi
Jamiyat
−
16:47 646 2 daqiqa
Bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari so‘nggi besh yilda viloyatga 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 7 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinganini qayd etgan. Xomashyoni chuqur qayta ishlashga qaratilgan minglab loyihalar ishga tushirilgan, aholi jon boshiga daromad uch baravar oshgan.

“Endi yetishtirilgan mahsulotni viloyatning o‘zida chuqur qayta ishlab, voha aholisining munosib daromad topishiga sharoit yaratish kerak”, deydi Prezident.
Shu maqsadda umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 161 ta loyiha tayyorlangan. Marosimda 69 ta loyiha ishga tushirildi, yana 92 tasining qurilishiga start berilgan.

Ishga tushirilayotgan 28 ta sanoat korxonasida 7 mingga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilmoqda. Italiyaning “Cotonella” brendi yiliga 8,5 million dona tayyor trikotaj mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Koson, Mirishkor va Kasbi tumanlarida to‘qimachilik sohasida yana 14 ta loyiha boshlanmoqda. Ular hisobidan 18 mingta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda ham yangi quvvatlar tashkil etilmoqda. Amerikalik hamkorlar ishtirokidagi “Wosune Food Ingredients Karshi” korxonasi 3,5 ming gektar maydonda yetishtiriladigan 100 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlaydi. Uning 40 million dollarlik mahsulotini “Nestlé” va “Purina” kabi xalqaro brendlar uchun eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Misr va Pokiston investorlari esa Nishon va G‘uzor tumanlarida 24 ming gektar yerni o‘zlashtirib, kartoshkachilik va chorvachilik loyihalarini boshlamoqda.
“Yashil” iqtisodiyot viloyatni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘ladi”, deydi davlat rahbari.

Oqsuv daryosida umumiy quvvati 24 megavatt bo‘lgan uchta gidroelektr stansiyasi ishga tushirilgan . Qarshi tumanida Xitoyning “Shanghai SUS” kompaniyasi ishtirokida chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 150 million dollarlik zavodni yil yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Kitob, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlarida umumiy quvvati 58 megavatt bo‘lgan to‘qqizta mikroGES barpo etiladi.

Kitob tumanida Ozarbayjon bilan hamkorlikda oltin qazib olish loyihasi boshlanmoqda. Shahrisabz tumanida esa rossiyalik investorlar bilan 300 million dollarlik dor yo‘li, mehmonxona va tog‘-chang‘i kurorti majmuasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Prezident xorijiy hamkorlar va investorlarga viloyatga sarmoya, yangi texnologiya va innovatsiyalar olib kirayotgani uchun minnatdorlik bildirgan. Ularning takliflari tinglangan.
“2027 yil Qashqadaryoni zamonaviy sanoat va agrotexnologiyalar asosida rivojlantirish yili bo‘ladi”, deydi davlat rahbari.
Shundan so‘ng, Prezident ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarni ishga tushirgan va navbatdagilarining qurilishiga start bergan.
Live
Barchasi