Prezident Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi
Jamiyat
−
03 may 3130 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 may kuni Samarqandga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ezgu qadriyatlarga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy majmuasi ziyorat qilingan. Buyuk hadisshunos maqbarasida Qur’on tilovat etilib, duo o‘qilgan.

Ma’lumki, ushbu qutlug‘ qadamjo davlat rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriyning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan ma’naviy merosiga munosib tarzda qaytadan bunyod etilgan. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratilgan. Bu yil Ramazon hayiti arafasida majmua yana ziyoratchilar uchun eshiklarini ochib, 60 mingdan ortiq o‘zbekistonlik va xorijlik mehmonlar hayit namozini ushbu qutlug‘ qadamjoda o‘qidi.

Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qutlug‘ qadamjo ochilganidan so‘ng bir oy ichida buyuk muhaddis maqbarasini 1 milliondan ortiq o‘zbekistonlik va xorijiy fuqaro ziyorat qilgan.

Prezident majmuaga tashrif buyuruvchilarga yanada qulay sharoitlar yaratish, ibodatlarini ado etishlari, buyuk muhaddis merosi bilan yaqindan tanishishlari uchun barcha imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Shuningdek, majmuaga avtotransportda keluvchilar uchun to‘xtash joylarini kengaytirish, ziyoratchilar sayr qiladigan hududlarni yanada obod qilish, ularning dam olishi uchun tabiiy va qulay muhit yaratish, bu boradagi ishlarni doimiy tahlil qilib borish, har olti oyda majmuada ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, qo‘shimcha choralarni belgilab borish muhimligi ta’kidlangan. Butun mamlakatdan imom-xatiblarni majmuaga taklif qilib, malakasini oshirish zarurligi qayd etilgan.

Davlat rahbari ziyorat madaniyatini yuksaltirish, muqaddas qadamjolar va mozorlarni obod saqlash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, bunday maskanlarda kelib-ketuvchilar uchun munosib sharoit yaratish muhim ekanini, o‘tganlar xotirasiga hurmat ruhini kuchaytirish yosh avlodning o‘zligini anglashi va ma’naviy tarbiyasida muhim omil bo‘lishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 3-4 may kunlari Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi tadbirlarida ishtirok etadi.
Live
Barchasi