Prezident Davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha farmonni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 19 fevral kuni “Davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu farmonning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni

Davlat mulki ob’ektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi “Davlat mulki ob’ektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub’ektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5552-son farmoniga muvofiq eksperiment tariqasida 444 ta bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ekti 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narx bo‘yicha elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarilib, shundan 310 ta ob’ekt 172 milliard so‘m investitsiya kiritish hamda 3 536 ta yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan 11,2 milliard so‘mga sotilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi “Davlat mulki ob’ektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub’ektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5552-son farmonida belgilangan davlat mulki ob’ektlarini sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha eksperiment o‘tkazish muddatini 2020 yil 1 yanvarga qadar uzaytirish haqidagi taklifi ma’qullansin. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil qilish markazi” davlat unitar korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkazilsin va u mazkur Markazning ta’sischisi sifatida belgilansin. 

4. Belgilab qo‘yilsinki: 

davlat mulki ob’ektlarini (aksiyalardan tashqari) sotish bo‘yicha savdolar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladi; 

2019 yil 1 iyuldan boshlab davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini ijaraga berish bo‘yicha savdolar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi; 

davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini ijaraga berish uchun elektron savdolarga chiqarishda ular bo‘yicha ijara to‘lovining eng kam stavkasi ob’ektni balansda saqlovchilar tomonidan ijaraga berish maqsadida ko‘rsatilgan faoliyat turidan kelib chiqqan holda ko‘rsatiladi; 

“E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasiga 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narx bo‘yicha qo‘yilgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari ular to‘liq sotilmagunga qadar savdolardan olinmaydi. 

5. Quyidagilar: 

“E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narx bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan sotiladigan davlat mulki ob’ektlari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq; 

belgilangan tartibda sotilishi lozim bo‘lgan davlat mulki ob’ektlari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq; 

kelgusida samarali foydalanish uchun davlat organlariga operativ boshqaruv huquqi asosida berilishi lozim bo‘lgan davlat mulki ob’ektlari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;

Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Davlat tender komissiyasi) tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda: 

mazkur Farmonning 1 va 2-ilovalarida ko‘rsatilgan tegishli yer uchastkalari, bino va inshootlarning kadastr hujjatlari tayyorlanishini hamda ularga bo‘lgan huquqlarning qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini; 

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning 3-ilovasida ko‘rsatilgan davlat mulki ob’ektlarini qabul qilish-topshirish ishlarini, shuningdek, ulardan kelgusida samarali foydalanilishini ta’minlasin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining: 

a) 2019 yil 1 martdan shunday tartib o‘rnatilsinki, unda agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoxud Davlat tender komissiyasining qarorlari bilan boshqacha tartib o‘rnatilmagan bo‘lsa, davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari va davlat ulushlari uchun sotib olish to‘lovlarini to‘lashda, savdolar o‘tkazilgan sanadagi belgilangan eng kam ish haqi (keyingi o‘rinda – EKIH) baravari miqdorida hisoblanadigan sotib olish to‘lovlari miqdoridan kelib chiqqan holda, sotib olish to‘lovlarini to‘lashning quyidagicha belgilangan muddatlarini joriy etish: 

EKIHning 3 000 baravarigacha – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda; 

EKIHning 3 000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 7 000 baravaridan ko‘p bo‘lmaganda – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda; 

EKIHning 7 000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 15 000 baravaridan ko‘p bo‘lmaganda – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda; 

EKIHning 15 000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 20 000 baravaridan ko‘p bo‘lmaganda – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab ikki yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda; 

EKIHning 20 000 baravaridan yuqori bo‘lganda – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda; 

b) “Kvars” AJ ustav kapitalidagi 20 foiz davlat aksiyalari paketini bosqichma-bosqich fond birjasida ikkilamchi SPO o‘tkazish orqali, dastlab 2019 yilning iyun oyida aksiyalar paketining 5 foizini sotuvga chiqargan holda savdoga qo‘yish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin. 

8. Davlat tender komissiyasiga, istisno tariqasida, xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat aksiyalari (ulushlari) paketlarini oldi-sotdi shartnomalarini qimmatli qog‘ozlar savdolari tashkilotchilarining savdo maydonchalaridan tashqarisida ro‘yxatdan o‘tkazgan holda tanlov o‘tkazish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish orqali sotishga ruxsat berilsin. 

9. Belgilab qo‘yilsinki: 

1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narx bo‘yicha “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida sotilgan davlat mulk ob’ektlariga doir investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish xaridor tomonidan o‘z zimmasiga olingan mahsulot (xizmatlar) ishlab chiqarishning boshlanishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishini nazarda tutuvchi majburiyatlar bajarilgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

erkin ayirboshlanadigan valyutada sotish uchun savdoga chiqarilgan va savdoda turgan davlat aksiyalari paketlari savdolardan olinishi, ularning milliy valyutadagi qiymati aniqlangan holda qayta baholanishi va milliy valyutada takroriy savdolarga chiqarilishi lozim; 

xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketlari qonunchilikda nazarda tutilgan to‘lov muddatlarini uzaytirish va chegirmalar taqdim etish mexanizmlari qo‘llanilmagan holda sotiladi; 

vakolatli davlat organlari qarorlari bo‘yicha sotilgan davlat mulki ob’ektlarining oldi-sotdi shartnomalarini majburiy ravishda notarial tasdiqlash talab etilmaydi. 

10. “Nol” xarid qiymatida sotishda, shu jumladan, avval sotilgan davlat mulki ob’ektlari bo‘yicha investitsiya majburiyatlari bajarilgan deb qabul qilingan paytdan boshlab bir yil davomida yangi ish o‘rinlarini saqlab qolish tartibi bekor qilinsin. 

11. Quyidagilar: 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktoriga Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tegishli murojaati kelib tushgan kundan boshlab o‘n kun muddatda kelishilishini ta’minlagan holda, Moliya vazirligi va yuqori turuvchi manfaatdor davlat organlari roziligiga muvofiq, idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini (xususiylashtirilmaydigan ob’ektlar bundan mustasno) bir davlat tashkiloti tasarrufidan boshqa bir davlat tashkiloti tasarrufiga operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz berish to‘g‘risida qaror qabul qilish; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlariga tegishli tuman (shahar) hokimining murojaatidan so‘ng ikki oy muddatda balansda saqlovchilar tomonidan ularning tasarrufidagi hududda joylashgan, belgilangan tartibda respublika davlat boshqaruvi organlariga biriktirilgan, foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlarini (xususiylashtirilmaydigan ob’ektlar bundan mustasno) ijaraga berish ta’minlanmagan taqdirda, ushbu ob’ektlarni tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun bir yilgacha bo‘lgan muddatga qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda balansda saqlovchilar uchun ajratmalarni tegishli mahalliy byudjetga yo‘naltirgan holda ijaraga berish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi berilsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida sotiladigan davlat mulki ob’ektlari to‘g‘risida tadbirkorlar va aholini doimiy ravishda keng xabardor qilsin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 
5-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 
2019 yil 19 fevral

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Shavkat Mirziyoev Davlat mulki ob'ektlari Prezident farmoni

Baholaganlar

6

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing