Prezident Administratsiyasidagi shtat birliklari qisqartiriladimi? Asadov javob berdi
Jamiyat
−
07 fevral 2025 8157 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasida shtat birliklari kamida 50 foizga, boshqa davlat tashkilotlarida ham qisqartirish bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi. Rasman tasdiqlanmagan bu xabarlarga Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov munosabat bildirdi.
Uning aytishicha, barcha darajalardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, shu jumladan Prezident Administratsiyasidan tortib quyi tashkilotlargacha bo‘lgan barcha idoralarda shtat birliklarini maqbullashtirib borish ishlari bu - doimiy jarayon hisoblanadi.
“Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – bir-birini takrorlovchi funksiyalarni qisqartirish, davlat boshqaruvi tizimi va davlat xizmatchilarining faoliyati samaradorligini oshirish, barcha idoralarda byudjet mablag‘laridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni ta’minlash”, deydi Prezident matbuot kotibi.
Asadov bu jarayonning hajmi va ko‘lami qay darajada bo‘lishi, mazkur yo‘nalishda tegishli o‘rganish va tahlillar o‘tkazilganidan keyingina ma’lum bo‘lishini bildirdi.
“Shu sababli, ommaviy axborot vositalari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bu mavzuga doir xabarlarni tarqatishda faqat rasmiy manbalarga tayanishni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi