Prezident aytmagunicha uyg‘onmaydigan amaldorlar va fosh bo‘lgan soxta hisobotlar
Jamiyat
−
22 iyul 7571 8 daqiqa
Prezident o‘zi go‘sht sotib olmaydi, narx-navoni bilmaydi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, adashasiz. Shavkat Mirziyoyev qisqa vaqt ichida go‘shtning narxi 8 foizgacha qimmatlaganini ham, buning oldini olishi kerak bo‘lgan mas’ullar va hokimlar o‘z ishini qoyillatmaganini ham juda yaxshi biladi. Shu sabab ularni keskin tanqid qildi.
Tadbirkorlar ko‘chada sarson, “jarimakash” rahbarlar esa ularni ezish bilan band. Bunday amaldorlarning ongi va dunyoqarashi o‘zgarishi kerak.
Amaldorlarning yolg‘on va bo‘rttirilgan hisobotlari fosh bo‘ldi. Qog‘ozdagi raqamlar bilan hayotdagi sonlar umuman boshqa. Buning natijasi oddiy aholi hayotiga qanday ta’sir qilgan?
Prezident 17 nafar hokimning lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni buyurdi. Haydalish kuyini kimlar chalishi mumkin?
“Uzbekistan Airways” raqobatchi yo‘qligi, ish to‘g‘ri tashkil qilinmagani uchun 120 million dollar yo‘qotyapti. Endi nima bo‘ladi?
Chet ellarda elchi maqomida shunchaki “sayr qilib yurgan”lar ishdan haydaladi. Bu bo‘yicha Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga muhim topshiriq berildi. Yaqin daqiqalar davomida mana shu mavzularni muhokama qilamiz.
Prezident aytmagunicha ayrimlar subsidiyadan ham foydalanmaydi, go‘sht ham arzonlamaydi! O‘zbekistonda yana o‘sha eski va tanish manzara. Xalq bozor-o‘char qilib narx-navodan nolishni boshlagan, mas’ullar esa muammoni ko‘rmaganga olib, to Prezident videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgunicha “qishki uyqu”da yotishda davom etadi. Xo‘sh, mamlakatda go‘sht narxini xalqqa qulay darajada ushlab turish uchun davlat byudjetidan milliardlab mablag‘ va qator imtiyozlar berib qo‘yilgan bir paytda, hududiy rahbarlar nima bilan band?
Aprel-iyun oylarida O‘zbekistonda go‘sht narxi kutilmaganda 6-8 foizga sakradi, qimmatladi. Yanvar-iyun oylarida inflyatsiyani 3 foizdan oshirmaslik bo‘yicha viloyat hokimlarining oldiga Prezident tomonidan aniq vazifa qo‘yilgan edi. Ammo amalda Sirdaryo viloyatidan tashqari birorta ham hudud ushbu topshiriqning uddasidan chiqa olmadi.
Aslida, vaziyat bunday tuzalmas tus olishining oldini olish mumkin edi. Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning 7 aprelida Prezidentning “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, 1 apreldan 1 avgustga qadar tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini havo transportida import qilish xarajatlarining 50 foizi, har bir kilogrammi uchun 0,8 dollargacha, aniqroq aytganda 9600 so‘mgacha davlat byudjetidan qoplab berilishi belgilangan. Ushbu maqsadlar uchun 300 milliard so‘m ajratilgandi.
Ammo shunday tayyor imkoniyat va subsidiyadan faqat poytaxt va Toshkent viloyati tadbirkorlari foydalangan, xolos. Ular 1 300 tonna go‘sht olib kelishdi.
Qolgan viloyat hokimlari va mutasaddilari esa respublika byudjetidan pul ajratilib, samolyotlar tayyor turganda ham lom-lim demay, tashabbus ko‘rsatmay, tomoshabin bo‘lib o‘tirishni afzal ko‘rishdi. Davlat rahbari 21 iyul kuni o‘tkazilgan joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bu loqaydlikni keskin tanqid qildi.
Yig‘ilishda chorvachilikdagi yana bir “shirin yolg‘onlar”ga to‘la haqiqat yuzaga chiqdi. Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari shuni ko‘rsatdiki, ilgari hisobot sifatida berilgan raqamlarga nisbatan amalda qoramollar soni 2,1 million boshga, qo‘y va echkilar soni esa 1,5 million boshga kam chiqqan!
Masalan, birgina Qashqadaryo viloyatining o‘zida qoramollar 171 mingga, qo‘y-echkilar 288 ming boshga kamligi ma’lum bo‘ldi. Bu degani – birgina viloyatning soxta hisobotlari sababli bozorga 50 ming tonna go‘sht va 120 million litr sut kirib kelmaydi. Qog‘ozda chorva “boqib”, amalda xalqni go‘shtga zor qilgan rahbarlarning “mahorati”ga qoyil qolmay iloj yo‘q.
Vaziyat yaxshi emas. Topshiriq berilayotganda bloknotdan ko‘zini uzmay, nimadirlar yozib o‘tiradigan, “bajaramiz” deb quyuqqina va’da beradigan rahbarlar, amalda yaxshi ishlay olmaganidan keyin sohadagi muammolarni hal etish uchun davlat rahbari yangi choralarni e’lon qildi. May oyida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan ajratilgan 1 trillion so‘mga qo‘shimcha ravishda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan yana 50 million dollar yo‘naltiriladigan bo‘ldi.
Endi chorva komplekslari uchun 5 milliard so‘mgacha, naslli qoramolchilik uchun esa 20 milliard so‘mgacha 10 foizli imtiyozli kreditlar 10 yil muddatga beriladi. Qolaversa, import go‘shtni samolyotda tashish bo‘yicha belgilangan imtiyoz muddati yil yakunigacha uzaytirildi. Vazifa ham aniq: yil oxirigacha chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelish shart. Bunda ham imtiyoz bor. Joriy yil 1 apreldan 31 dekabrga qadar xorijiy davlatlardan havo transporti orqali import qilingan nasldor qoramol qiymatining 10 foizi, biroq har bir bosh qoramol uchun 4 mln so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya beriladi.
Samolyotda go‘sht tashish haqida gapiryapmiz-u, lekin ushbu yuklarni tashiydigan va O‘zbekiston osmonida qisman raqobatchilari bordek ko‘rinadigan, ammo ayrim jihatlarga qarab “monopoliya” atamasini eslab yuborishga majbur qiladigan “Uzbekistan Airways”ning ahvoli ham maqtarli darajada emas.
Prezident yig‘ilishida AQSHning mashhur “Franklin Templeton” investitsiya kompaniyasi IPO’ga chiqishi, ya’ni o‘z aksiyalarini ochiq savdoga qo‘yishi kerak bo‘lgan 13 ta yirik davlat kompaniyasini tahlil qilib bergani qayd etildi.
Natijalar esa achinarli: birgina “Uzbekistan Airways” misolida marshrutlar optimal tanlanmagani, reyslar orasi uzoqligi va kechikishlar ko‘pligi, yo‘lovchilarga taom yetkazish hamda samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatishda soflik va raqobat yo‘qligi sababli 120 million dollar daromad boy berilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Ha, 120 mln dollar. Vaholanki, to‘g‘ri menejment orqali “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning bozor qiymatini bemalol 40 foizga oshirish imkoniyati bor.
Ko‘pchilikda tabiiy savol tug‘ilgandir: Davlat kompaniyasi IPO’ga chiqishi oddiy xalqqa nima beradi? IPO – bu kompaniya o‘z aksiyalarini ochiq birjaga olib chiqib, har qanday fuqaro yoki investorga sotish jarayonidir. Kompaniya IPO’ga chiqsa birinchi o‘rinda, moliya shaffoflashadi. Yashirin bitimlar, ortiqcha xarajatlar va korrupsiyaga chek qo‘yiladi. Xizmat sifati oshadi. Raqobat va investorlar talabi sabab reyslar kechikishi kamayadi, xizmat ko‘rsatish yaxshilanadi. Davlat cho‘ntagiga qaramlik tugaydi. Kompaniya byudjetdan emas, birjadan mablag‘ jalb qilib, o‘zini o‘zi tebrata boshlaydi. Ehtimol, “Uzbekistan Airways” o‘z yo‘nalishlarini to‘g‘ri shakllantirib, aviatsiya bozoridagi 120 million dollarlik yo‘qotishlarning oldini olganida, bugun nafaqat yo‘lovchilar, balki o‘sha samolyotda tashilayotgan go‘sht ham arzonroq va tezroq manzillarga yetib borgan bo‘larmidi?
Yig‘ilishda milliy brendlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning taqdiri ham jiddiy muhokama qilindi. So‘nggi ikki yilda milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat ajratgan 15,5 milliard so‘mlik moliyaviy yordam evaziga o‘z brendini ro‘yxatdan o‘tkazgan 309 ta korxona paydo bo‘lgan. Lekin bu xursandchilik ham ko‘pga cho‘zilmadi – ularning uchdan bir qismi haligacha eksport nimaligini bilmay, ichki bozorda “o‘z yog‘ida o‘zi qovurilib” yotibdi. Shu bois, Davlat rahbari mutasaddilarga ikki hafta muddatda mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
Joriy yilning 26 mayida qabul qilingan 100-sonli Prezident Farmoni bilan tadbirkorlarga anchagina yengilliklar va imkoniyatlar eshigi ochib berilgan edi. Soliq hisobotlarini topshirish va ortiqcha to‘langan soliqlarni qaytarish jarayonlari tezlashtirildi hamda avtomatlashtirildi. QQS va daromad solig‘iga o‘tish chegarasi 5 mlrd so‘mgacha oshirildi va hokazo.
Lekin joylardagi hokimlar va ayrim rahbarlar bu tadbirkorlarga yordam berish u yoqda tursin, muammosi haqida ochiq gapirib, arz qilgan biznes egalarini tekshirish va jarimaga tortish kabi ishlar bilan band bo‘lyapti. Ana shunday “jarimakash” rahbarlarning ongi va dunyoqarashi o‘zgarishi kerak. Bu mening gapim emas, Prezidentning gapi.
Eng qiziq joyi – tadbirkorning huquqini himoya qilishi kerak bo‘lgan Biznes-ombudsman amalda u qadar faol emas. Ayrim hollarda hatto shunchaki tomoshabin bo‘lib qolganga ham ko‘pchilik guvoh bo‘lgan. Tadbirkorlar bilan bog‘liq muammolar haqida gap borganida deyarli bir xil kamchiliklar tanqid qilinishiga qaramay, xulosa chiqaradiganlar kamdek. Tadbirkorlar muammolari bilan ko‘chada sarson bo‘lib yuribdi. Ularning hal qilish mumkin bo‘lgan oddiy muammolari Prezident Administratsiyasi rahbari, hatto Prezidentgacha yetib borayotgan bir paytda, nima uchun hududiy hokimlar o‘z tuman va viloyatidagi biznesmenlarning dardini ko‘rmaydi? Odamlar orasidagi muammolarni ular bilan bir muhitda yurmaydigan, mashhur ibora bilan aytganda “oyog‘i yerdan uzilganlar”gina bilmasligi mumkin. Shu sabab Prezident 17 nafar hokimning lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni buyurdi.
Prezident yig‘ilishda barcha mutasaddilar uchun ham eng asosiy ogohlantirishni berdi. Hozirgi sharoitda oylik, choraklik va yillik rejasini bajarmagan birorta vazir, hokim yoki tarmoq rahbari xotirjam ishlashga haqli emas!
Hokimlar va mahalliy mas’ullarning faoliyatsizligi yetmaganday, O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va elchilari ham ulardan qolishmayotgani ma’lum bo‘ldi. Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda oliy darajadagi 52 ta tashrif doirasida 213 milliard dollarlik 1 ming 617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Qog‘ozda raqamlar hayratlanarli! Lekin amalda bu loyihalar ijrosini nazorat qilish va investitsiyani reallikka aylantirishda elchilarimiz va mutasaddilar tomonidan sustkashliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Prezident xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati bo‘yicha ham e’tirozlar juda ko‘pligini ochiq-oydin bildirdi. Masalan, Belarusdagi elchi investitsiya va tashqi savdo masalalariga shunchaki befarq qaragani uchun lavozimidan olingani ma’lum qilindi. Fransiya, Avstriya, Ispaniya, Italiya, Ummon, Indoneziya, Malayziya va Singapurdagi elchilarning faoliyati ham yetarli darajada ko‘rinmayotgani qayd etildi.
Shu sababli, endilikda barcha “yo‘l xaritalari” Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qat’iy nazorat qilinadigan bo‘ldi. Bosh vazirga esa har hafta tarmoq rahbari, hokimlar va elchilar bilan birga har bir loyihani “davlatlar va loyihalar kesimida” ipidan-ignasigacha muhokama qilish vazifasi yuklatildi.
Eng muhim o‘zgarish esa – Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga maxsus komissiya tuzib, iqtisodiy diplomatiya, investitsiya va eksport bo‘yicha barcha diplomatik vakolatxonalar ishini tubdan tahlil qilish topshirildi. Endi o‘z vazifasini uddalay olmay, chet elda shunchaki “sayr qilib yurgan” elchilarni yosh, zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan almashtirish yuzasidan takliflar kiritiladi. Ko‘rinib turibdiki, endi nafaqat viloyat hokimliklarida, balki xorijdagi hashamatli elchixonalarda ham “kadrlar tozalovi” va katta uyg‘onish davri boshlanadi.
Xulosa qilib aytganda, chorva mollari sonidan tortib aviatsiya boy bergan millionlarga, brendlar taqdiridan tadbirkorlarning hasratigacha – barcha muammolarni yana Prezidentning o‘zi ko‘tarib, o‘zi yechim berishiga to‘g‘ri kelyapti. Hokim va boshqa mas’ullarga esa birgina savol beramiz: Qachongacha tayyor ko‘rsatib bergan yo‘ldan yurishga ham erinasiz?
Live
Barchasi