Pavel Durov yana Qozog‘istonga keladi

Olam

image

Telegram asoschisi va bosh direktori Pavel Durov joriy yilning 2 oktyabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahridagi “Digital Bridge” xalqaro texnologiya forumida nutq so‘zlaydi. Bu haqda Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev ma’lum qildi.

Forumning asosiy tadbirlaridan biri Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ishtirokida bo‘ladigan “Alem.ai” xalqaro sun’iy intellekt markazining tantanali ochilishi bo‘ladi.

Shu kuni yetakchi global ekspertlar va texnologiya sohasi yetakchilari ishtirokidagi yalpi majlis ham bo‘lib o‘tadi. Sessiyada Pavel Durovdan tashqari BAAning sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va masofaviy ish bo‘yicha davlat vaziri Umar Sulton Al Olama kabi taniqli shaxslar ishtirok etadi. Bundan tashqari, Sinovation Ventures asoschisi va bosh direktori Kay-Fu Li, Stenford professori Ilya Strebulayev, Google tadqiqot direktori Piter Norvig ham qatnashadi. Uchrashuvni Solana Foundation prezidenti Lili Lyu boshqaradi.

Forum dasturida sun’iy intellektning eng yaxshi loyihalari uchun pitch-sessiya ham mavjud. Finalchilar to‘rt nominatsiya bo‘yicha bellashadi: maktab o‘quvchilari, kollej va universitet talabalari hamda startap jamoalari. Ularning ishlanmalari xalqaro ekspertlar, investorlar va hukumat vakillariga taqdim etiladi.

Ma’lumot uchun, Pavel Durov o‘tgan yilning iyun oyida ham O‘zbekistonga kelgandi. Durov O‘zbekistonga safari haqida yozar ekan, mamlakatning 70 foizdan ortiq aholisi Telegram’dan foydalanishini aytgandi.

Shuningdek, Durov Qozog‘istonga ham borib, ushbu mamlakat haqida ham fikr bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligiga aylantirilgandi. Joriy yilning 8 sentyabr kuni Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston xalqiga murojaatnomasida “Raqamli kod to‘g‘risida”gi qonunni kechiktirmasdan qabul qilish zarurligini ta’kidlab, amaldagi tegishli vazirlik negizida Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligini tashkil etish zarurligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Pavel Durov forum sun'iy intellekt Jaslan Madiev Digital Bridge

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing